O'zbekiston jamoasi rekord natija qayd etdi

    O'zbekiston jamoasi “ArMI — 2022” xalqaro armiya o'yinlari doirasida o'tkazilgan “Qo'shinlar razvedkasi a'lochisi”da rekord natija qayd etdi.

    Rossiyaning Novosibirsk shahrida “ArMI — 2022” xalqaro armiya o'yinlari doirasida o'tkazilgan “Qo'shinlar razvedkasi a'lochisi” musobaqasining 1-bosqichi yakunlandi.

    “Qo'shin razvedkasi a'lochisi” musobaqasi turli vazifalarni o'z ichiga olgan 2 ta bosqich bo'yicha o'tkazilmoqda. Ular orasida piyodalar jangovar mashinasini temir yo'l platformasiga yuklash, dushman ob'ektiga yashirincha usullarda borish, jang maydonidan yaradorni olib chiqish, nayza pichoq va belkurakni aniqlikka uloqtirish kabi 16 ta shart mavjud.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma'lum qilishlaricha, O'zbekiston jamoasi “Qo'shin razvedkasi a'lochisi” musobaqasi 1-bosqichining so'nggi 5 ta sharti yakuni bo'yicha bitta rekord natijani qayd etishga muvaffaq bo'ldi. Xususan, guruh tarkibida nayza pichoq va belkurakni aniqlikka uloqtirish – 83 ball (o'tgan yilgi rekord natija 74 ball bo'lgan).

    Eslatib o'tamiz, mazkur bosqich yakuniga ko'ra, O'zbekiston jamoasi ikkinchi o'rinda bormoqda. Birinchi o'rin mezbon davlat hisobiga yozilgan.