Tadbirning asosiy voqeasi sifatida “Oʻzbekiston madaniy merosi – dunyo toʻplamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 40 ta yangi jildi taqdimotlarini koʻrsatish mumkin. Pandemiya davrida ham Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining faoliyati toʻxtab qolgani yoʻq, aksincha yanada muvaffaqiyatli davom etdi. Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish bilan shugʻullanib kelayotgan oʻnlab oʻzbekistonlik va chet ellik sharqshunos olimlar yangi kitoblar uchun maʼlumotlar toʻplashdi.
Qayd etish lozimki, Butunjahon jamiyatining navbatdagi kongressida mamlakatimizdan, shuningdek, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Moʻgʻuliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina, Polsha singari 40 ga yaqin mamlakatdan 350 nafar tarixchi va sharqshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Kongress Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining faoliyatiga bagʻishlangan yalpi yigʻilish bilan boshlanadi. Jahonning muzey va kutubxonalariga “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumiga oid kitob-albomlarning 500 jildini tantanali topshirish marosimi ham boʻlib oʻtadi.