Shu yilning 18-oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston – Turkiya munosabatlari oxirigi besh yilda jadal rivojlanib borayotganligi, koʻp tomonlama hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Xususan, YUNESKO, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, AYSESKO va TURKSOY kabi tashkilotlarda Oʻzbekiston tomonining tashabbuslarini Turkiya tarafi doimiy qoʻllab kelayotgani dunyo hamjamiyatida ikki xalqning oʻzaro munosabatlaridan qay darajadaligini isbotlab kelmoqda.
«Oʻzbekiston – Turkiya munosabatlari oxirigi besh yilda jadal rivojlanmoqda. 2024-yil ikki va koʻp tomonlama hamkorligimizda muhim voqealarga boy yil boʻldi. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlarda turkiya vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqdalar. Xususan, joriy yil iyun oyida Zominda tashkil etilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu ishtirok etgani Rahbariyatimiz tomonidan alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkiyalik musiqashunos olimlar qatnashayotgani hamda xalqaro hayʼat aʼzoligida Turkiya vakili ishtirok etgani bizni quvontirdi» – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv davomida Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari surildi:
- shu yilning 10-13-noyabr kunlari Samarqand shahrida madaniyat boʻyicha qoʻshma komissiyaning ilk yigʻilishini tashkil etish;
- 2025-yilda Oʻzbekistonda Turkiyaning mashhur musiqa guruhi “Onadoʻlu otashi” damoasini gastrol safarini tashkil etish;
- Diyorbakir viloyatida oʻzbek xalqining mashhur sarkardasi Jaloliddin Manguberdi uchun yodgorlik oʻrnatish masalasini koʻrib chiqish;
- Turkiyaning dunyoga mashhur sanʼatkorlarni yetishtirib chiqarish tajribasini qadrlagan holda ushbu yoʻnalishda, shuningdek Turkiyaning madaniyat va sanʼat fondlari bilan hamkorlik qilish;
- Turkiya madaniyat va turizm vazirligining moliya boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida Toshkent shahrida seminar tashkil etish;
- Turkiya Qoʻlyozma instituti bilan aloqa oʻrnatish.
Shuningdek, ayni kunlarda Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Turkiyaning madaniyat tizimini boshqarish tajribasini oʻrganayotganligi hamda kelgusida madaniyat tizimni boshqarishda Turkiya modeli tajribasidan qoʻllanilishi, 2025-yilda Oʻzbekistonda madaniyat kunlarini tashkil etish hamda ikki xalq uchun umumiy boylik hisoblangan qoʻlyozmalarni tadqiq qilish maqsadida Turkiya qoʻlyozmalar tashkiloti bilan hamkorlik qilishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazrligi oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan Yoʻl xaritasi imzolandi.