“Chortoq” maʼdanli suvini yetkazib berish boʻyicha Xitoy kompaniyasi bilan qariyb 100 ming dollar miqdorida shartnoma tuzilgan.

Maʼdanli suvning birinchi joʻnatmasi Toshkentdan Pekinga aviaqatnovlar orqali amalga oshirilgan.

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekistonning tegishli idoralari bilan birgalikda Xitoyning yirik shaharlarida oʻtkazilgan reklama-koʻrgazma tadbirlari doirasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida oʻzbek qadoqlangan maʼdanli suvining Xitoy bozoriga chiqishiga ruxsat olindi.

Xitoyliklar “Chortoq” shifobaxsh suvi davolash xususiyatiga ega ekani, u ovqat hazm qilish tizimi, jigar, oʻt yoʻllari, oshqozon osti bezi va qandli diabet kasalliklarini davolashda qoʻllanilishidan yaxshi xabardor.

2022-yilda Xitoyga mineral suv eksporti hajmini oshirish va bir maromda yetkazib berish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Xitoyda oziq-ovqat va ichimliklar isteʼmol hajmi bugungi kunda 1 trillion dollardan ziyodni tashkil etadi. Mamlakat oziq-ovqat chakana bozori hajmi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. “Euromonitor” taxminlariga koʻra, Xitoyda isteʼmol kelgusi yillarda oʻsishda davom etadi va 2024-yilga borib, ushbu miqdor 1,8 trillion dollardan oshadi.