Hujjat respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish, uning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish, tizimli avariyalarning oldini olish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan “Dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksini (SCADA) joriy qilish” va “Jahon banki ishtirokida magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish (II faza)” investitsiya loyihalarining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan va mablagʻlar iqtisod qilinishi kutilayotgan xalqaro moliya institutlarining kreditlari roʻyxati tasdiqlandi.
Shuningdek, elektr uskunalarda dispetcherlik boshqaruvi tezkorligini taʼminlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufida boʻlgan 110-500 kV kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga balans qiymati boʻyicha shtat birliklari bilan birga oʻtkaziladi, deya xabar beradi Energetika vazirligi Matbuot xizmati.