TALIS (Teaching and Learning International Survey) oʻqituvchilar faoliyati, ish sharoiti va maktabdagi taʼlim muhitini baholashga qaratilgan eng yirik xalqaro tadqiqot boʻlib, har olti yilda oʻtkaziladi. Soʻnggi marta 2018-yili oʻtkazilgan TALIS xalqaro baholash tadqiqotlarida 48 ta davlat qatnashgan. Natijalar esa 2020-yili iyun oyida eʼlon qilingan.

— Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil topgan kunlardan boshlab tizimda sifat koʻrsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilib kelinmoqda. Shu nuqtayi nazardan sohadagi muammo va yutuqlarimizni shaffof tarzda aniqlab olish biz uchun juda muhim, — dedi inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Umuman olganda, TALIS tadqiqotlarini mamlakatimizda oʻtkazish boʻyicha bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelyapmiz. Shunday ekan, biz uchun bu tizim begona emas. Xususan, soʻnggi yillarda umumtaʼlim maktablari milliy reytingini aniqlashda ham mazkur tizimga moslashtirilgan soʻrovnomalardan muntazam foydalanyapmiz. Bu orqali qator yutuq va kamchiliklarimizni mamlakat miqyosida aniqlayapmiz. Ushbu tadqiqotning xalqaro miqyosda oʻtkazilishi esa mamlakatimizdagi taʼlim tizimini xolisona baholab, muammo va kamchiliklarimizni boshqa mamlakatlardagi holat bilan solishtirishimizga va kelgusidagi rejalarimizni yana-da aniqroq belgilab olishimizga xizmat qiladi.

TALIS tadqiqoti oʻqituvchilar va maktab direktorlari oʻrtasida olinadigan soʻrovnomalar orqali taʼlim muassasasidagi boshqaruv muhiti baholanadi. Unda tasodifiylik asosida tanlab olinadigan oʻrtacha 200 ta taʼlim muassasasi, 4000 nafar oʻqituvchi va 200 nafar maktab direktori qatnashishi koʻzda tutilgan. Xalqaro tadqiqotlar natijalarining oʻzaro integratsiyasini taʼminlash va olinadigan tahlillarning qamrovini kengaytirish maqsadida jarayonni PISA tadqiqoti oʻtkaziladigan maktablar bilan bogʻliq holda amalga oshirish imkoniyatlari ham mavjud. Tadqiqotning maqsadi shuki, taʼlim muassasalaridagi ahvol, oʻqituvchilarning faoliyatidagi muammolar tizimli tahlil qilinib, natijalar individual tarzda emas, balki reprezentativlik tamoyili asosida davlatlar va xalqaro miqyosda solishtirma tahlillar olib boriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi umumtaʼlim muassasalarining ushbu nufuzli xalqaro TALIS tadqiqotida ishtirok etishi masalasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi qarorida belgilangan boʻlib, ushbu tadqiqotda qatnashish boʻyicha Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti oʻrtasida bir necha marta olib borilgan uchrashuvlar natijasida tadqiqotda qatnashish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi. Tadqiqotda ishtirok etish boʻyicha moliyaviy masalalar esa inspeksiya va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihada koʻzda tutilgan.