Joriy yilning 8-15-sentyabr kunlari Koreyaning Gvangju shahrida Koreya armiyasi Maxsus operatsiya kuchlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilgan "II Xalqaro merganlar musobaqasi" da O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining merganlar terma jamoasi ikkinchi marotaba ishtirok etdi.
Mazkur musobaqada 10 ta davlatdan jami 54 ta merganlar jamoasi qatnashdi.
Musobaqa shartlari tungi va kunduzi vaqtda bajariladigan maxsus taktik mashqlardan iborat bo‘lib, unda jamoalardan pistolet, avtomat va merganlik qurollaridan mohirona foydalangan holda shahar, tog‘ va o‘rmon sharoitida turli masofadagi nishonlarga aniq o‘q otish talab etildi.
O‘zbekiston jamoasi musobaqaning yakuniy natijasiga ko‘ra xorijiy davlatlar (O‘zbekiston, AQSH, Germaniya, Ruminiya, BAA, Qatar, Vetnam, Tailand, Mo‘g‘uliston) ning 16 ta merganlar jamoasi orasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
1-o‘rin: O‘zbekiston - 539.5 ball
2-o‘rin: Vetnam - 534.7 ball
3-o‘rin: AQSH - 519.0 ball
Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa 2024-yilda o‘tkazilgan "I Xalqaro merganlar musobaqasi"da faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.



