“Oʻzbekiston Neft va Gaz” jurnali: Oʻzbekistondagi sohaga oid yetakchi nashrning yangi davri

    Oʻzbekistonning yoqilgʻi-energetika sohasidagi yetakchi ilmiy-texnik nashri rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qoʻydi.

    8-aprel kuni OAV vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston Neft va Gaz” jurnalining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    2024-yilda nashr Geo Research & Development Company (GRDC) ilmiy-texnologik markazi boshqaruviga oʻtdi. Bu bilan jurnal uzluksizlikni saqlab qoldi, ilmiy yoʻnalishni kuchaytirib, ekspertlik doirasini yanada kengaytirdi.

    Soʻnggi oylarda rebrending qilingan jurnalning uchta soni nashr qilinib, ulardan ikkitasi 2025-yilda chop etildi. Jurnal professional va ilmiy hamjamiyat uchun tan olingan nashr maqomini saqlab qolgan holda, mazmuni, taqdim etilishi va dizayni jihatidan yanada zamonaviy talqinda chop etila boshladi.

    “Oʻzbekiston Neft va Gaz” jurnali 1996-yildan beri chiqib, neft-gaz sohasidagi ilmiy ishlanmalar, tarmoq trendlari va ishlab chiqarish amaliyotlarini tizimli ravishda yorituvchi ixtisoslashgan nashrlardan biri boʻlib qolmoqda. U Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, respublika va uning tashqarisida 3 000 nusxada tarqatiladi.

    Tahrir hayʼati raisi, texnika fanlari doktori Azizbek Nazarov shunday taʼkidlaydi: “Bugun sohada ilmiy muloqotni kuchaytirish har qachongidan ham muhim. “Oʻzbekiston Neft va Gaz” jurnali professional hamjamiyat uchun eʼtibor markaziga, bilimlar amaliy qiymatga ega boʻladigan, innovatsiyalar esa qoʻllab-quvvatlanadigan va rivojlanishga erishadigan platformaga aylanmoqda”.

    Jurnalning tahrir kengashi tarkibiga yirik neft-gaz kompaniyalari rahbarlari, olimlar va xalqaro ekspertlar kiradi. Nashr har chorakda, yiliga toʻrt marta chop etiladi. Jurnalning navbatdagi sonlarida oʻquvchilarni sohani barqaror rivojlantirish boʻyicha tahlillar, konlarni oʻzlashtirishning yangi texnologiyalari haqidagi materiallar, global tamoyillar sharhi va energiya samaradorligi sohasidagi tadqiqotlar kutmoqda.