Oʻzbekiston nomzodi Butunjahon turizm tashkiloti Ijroiya kengashiga aʼzolikka qoʻyildi

    Turizm 22 Yanvar 2021 4557

    Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (BTT) Ijroiya kengashining 113-sessiyasida ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston tomon ilgari surilayotgan nomzodlarni targʻib qilishga doir taqdimot oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari – Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduxakimov tomonidan ikki masala ilgari surildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Birinchisi — 2021-2023-yillar davomida Oʻzbekiston nomzodini BTT Ijroiya kengashiga aʼzolikka qoʻyilgani, shuningdek mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaqin kelajakdagi rejalar. Taʼkidlash joizki, tadbir doirasidagi chiqishlarda Kengashga koʻrsatilgan nomzodlar orasida Oʻzbekistonning imkoniyatlari juda yuqori ekanligi taʼkidlandi.

    Shunisi eʼtiborliki, Tashkilot Ijroiya kengashiga aʼzo boʻlish Oʻzbekistonning global miqyosda turizm sohasida olib borilayotgan siyosatda bevosita ishtirok etishi hamda unda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish yoʻlida xizmat qiladi.

    Ikkinchisi — 2023-yilda BTT Bosh Assambleyasi 25-sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish masalasi. Buning uchun Samarqand shahrida mavjud va kelasi 3 yilda amalga oshiriladigan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumot berildi. Ushbu taklif qabul qilingan taqdirda, Oʻzbekiston BMT tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ilk Bosh assambleyasiga aylanadi.

    “Bosh Assambleyaga mezbonlik qilish jahon turizm industriyasining yetakchi vakillari, ishbilarmonlar va investorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish, 158 ta aʼzo davlatning 2 mingdan ortiq delegatsiya vakillari tashrifini tashkil etish orqali turizm sohasidan tushadigan daromadni oshirish imkonini beradi”, — deya tashabbusga izoh beradi Aziz Abduhakimov.