Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
T.Narbaeva parlamentlararo hamkorlik, qonun ijodkorligining turli jihatlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish muhimligini alohida ta'kidladi. Jumladan, parlament a’zolari ko‘magida, birinchi navbatda, ikki tomonlama kelishuvlarning huquqiy asoslarini ta'minlab, ularni yuqori darajada amalga oshirish doirasida yangi sezilarli natijalarga erishish zarurdir. Bu yo‘nalishda Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya muhim rol o‘ynashi kerak.
O‘z navbatida, N.Shakiev O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish Qirg‘iziston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini, o‘rnatilgan yaqin, ishonchli aloqalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va muntazam muloqotlar sharofati bilan barcha darajalarda so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda sezilarli ijobiy dinamika kuzatilayotganligini ta'kidladi.
Uchrashuvda tomonlar chegaradosh hududlar deputatlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish, ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish, shuningdek, madaniyat, ta’lim, fan va san’at sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisini 2023-yilning boshida O‘zbekiston hududlaridan birida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.