баннер
24 Mar 2025
03:51

    Oʻzbekiston Orxus konvensiyasiga rasman qoʻshildi

    Oʻzbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va uning holati toʻgʻrisida ishonchli axborot bilan taʼminlash boʻyicha milliy darajada chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda, bu Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida mustahkamlab qoʻyilgan.

    Shu nuqtayi nazardan “Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) qoʻshilish togʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. 1045-sonli hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil 11-martda imzolandi.

    Maʼlumot uchun, mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 11-dekabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 22-fevralda maʼqullangan.

    Konvensiyaning maqsadi ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki bilan bogʻliq hamkorlikni tartibga solish, shuningdek, odil sudlovdan foydalanishni taʼminlashdan iborat. U davlat organlari va tashkilotlari tomonidan atrof-muhitning havo, atmosfera, suv va tuproq kabi unsurlari toʻgʻrisida zarur axborotni keng jamoatchilik talabiga binoan taqdim etishni, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik ishtirokini taʼminlashni belgilaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qoʻshilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida inson huquq va erkinliklarini munosib himoya qilishni taʼminlash, ekologik xavfsizlikka erishish boʻyicha xorijiy hamkor davlatlar bilan birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech