Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi BMTga a’zo davlatlarning 185 nafar ovozini oldi va o‘z tarixida birinchi marta Kengash a’zoligiga saylandi.

Mamlakatimizning BMTning ushbu muhim organiga saylangani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan keng e’tirof etilganidan dalolatdir.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Kengash BMTning asosiy organi bo‘lib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’uldir. Ushbu tuzilma Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi — iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy o‘rinni egallaydi. U uch yillik muddatga saylanadigan 54 a’zodan iborat.