Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov boshchiligida oʻtgan yigʻilishda Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, koʻp qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga oshib borayotir. Neft va gaz, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, ipakchilik va toʻqimachilik sanoati hamda boshqa tarmoqlarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

Uchrashuvda investitsiyaviy, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy choralar koʻrilayotgani, qoʻshma investitsiya kompaniyasini tashkil etish boʻyicha taʼsis hujjatlari imzolangani, kelgusida uning mablagʻlari qoʻshma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.

Ayniqsa, boʻlajak Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar kun tartibini yangi amaliy mazmun bilan toʻldirish borasidagi ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida oʻzaro madaniyat kunlari, kino haftaliklari, konsert va koʻrgazmalar oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Bunda ilm-fan, sogʻliqni saqlash va sport sohalarida oʻzaro almashinuvlarni faollashtirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.