O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu safari mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbir Markaziy-Sharqiy Yevropaning eng yirik ko‘rgazma markazlaridan biri - Polshaning Nadarzin shahridagi «Ptak Warsaw Expo» majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropadagi yetakchi xaridorlar guruhlari, shu jumladan, eng yirik mebel do‘konlari, ulgurji savdo tarmoqlari va distribyutorlar, shuningdek, biznes va yakka mijozlar bilan ishlaydigan onlayn-do‘konlarning vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston ko‘rgazmada “MEYOS” uyushmasining qator aʼzolari - «IXLOS MEBEL», «AIKO RATTAN», «CHINAR FM» va «DIUS PLAST» kompaniyalari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Polsha, Fransiya, Slovakiya, Finlyandiya, Gollandiya, Bolgariya kompaniyalari – “Paged” (kreslo va stollar ishlab chiqarish), “Stolarz” (buyurtma mebel), “Budostrefa” (developer), «Jakub Gardner» (mebel bilan jihozlangan loyihalarni boshdan to oxirigacha amalga oshirishga ixtisoslashgan kompaniya), «Leroy Merlin» (gipermarketlar qurilishi) va “Ikea” (gipermarketlar, uy-ro‘zg‘or xo‘jalik mollari) rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Amaliy safar yakunlari bo‘yicha Polshaning “Rudalex” kompaniyasi direktori Aleksandr Rudniskiy bilan «Treet Meble Horeca» brendi ostida “MEYOS” Assotsiatsiyasining vakolatxonasini ochish, shuningdek, Poznan shahrida kelgusi yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan «Meble Polska 2023» xalqaro mebel ko‘rgazmasida o‘zbek mebelsozlari ishtirokini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.