Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
— Biz Afgʻonistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va koʻrinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun oʻzining qatʼiy irodasini namoyon etib, keskin choralar koʻrishga chaqiramiz, — deyiladi Oʻzbekiston Prezidenti murojaatida. - Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afgʻoniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish boʻyicha aniq istiqbollarni ochadi.
"Nigoh" telegram kanalida murojaatning asosiy tezislari eʼlon qilindi. Xususan:
➖ Amudaryoning narigi sohilida tinchlik boʻlmasa Oʻzbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib boʻlmaydi;
➖ Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalab qoʻyilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yoʻl qoʻymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda;
➖ davlat boshqaruvida afgʻon jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatishning fundamental asosi boʻlib qolmoqda;
➖ biz Afgʻonistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va koʻrinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun oʻzining qatʼiy irodasini namoyon etib, keskin choralar koʻrishga chaqiramiz;
➖ Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yoʻnalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afgʻon zaminida mustahkam tinchlik oʻrnatishning muhim sharti hisoblandi.