Bu haqda Euronews saytida eʼlon qilingan maqolada maʼlum qilindi.
Maqolada aytilishicha, tashrif davomida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi beshta strategik yoʻnalish, jumladan, siyosiy muloqot, savdo, xavfsizlik va barqaror rivojlanish boʻyicha kelgusi hamkorlikni belgilab beruvchi keng qamrovli hujjat – Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashi kutilmoqda.
Bitim har ikki tomonning islohotlarni davom ettirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va global hamkorlikka sodiqligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, joriy yilning noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” investitsiya forumi kabi kelgusi tashabbuslar uchun zamin yaratadi.
Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammitidagi nutqida “Global Gateway” dasturi doirasida 12 milliard yevrolik investitsiya paketi bilan quvvatlangan savdo aloqalarini chuqurlashtirish, transport, strategik muhim xomashyo, raqamli aloqadorlik, suv va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish haqida soʻz yuritdi.
“Oʻzbekiston «Global Gateway” dasturida hal qiluvchi rol oʻynaydi va juda muhim oʻrin tutadi. Bu bizning uzoq yillik doʻstligimizda yangi sahifaning boshlanishidir», – degan edi Ursula fon der Lyayen Samarqand sammitida.
Mazkur bitim Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston sherikligini kuchaytirish uchun yangi, zamonaviy va keng koʻlamli asos yaratishi kutilmoqda. Bitim hamkorlikning yangi sohalarini oʻz ichiga oladi hamda savdo-iqtisodiy munosabatlar uchun meʼyoriy-huquqiy bazani sezilarli darajada takomillashtiradi.
Bitim doirasida Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi rejalashtirilgan:
- Siyosiy hamkorlik va islohotlar: Bitimda umumiy qadriyatlar, demokratiya va qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklari hamda barqaror rivojlanishga alohida urgʻu berilgan.
- Tashqi siyosat va xavfsizlik sohasidagi kengaytirilgan hamkorlik: asosiy eʼtibor mintaqaviy barqarorlik va xalqaro hamkorlik, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik, mojarolarning oldini olish va inqirozlarni boshqarishga qaratiladi.
- Adliya, erkinlik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik: maʼlumotlarni himoya qilish, migratsiya, pul yuvish va terrorizmga, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga chek qoʻyish, shuningdek, sud-huquq sohasidagi hamkorlik va konsullik himoyasini qamrab oladi.
- Savdo: KSHHTB tovarlar va xizmatlar savdosi, davlat korxonalari, davlat xaridlari va intellektual mulk huquqlari kabi sohalarda iqtisodiy operatorlar uchun yanada yaxshi meʼyoriy-huquqiy muhitni taʼminlashi rejalashtirilgan.
- Boshqa bir qator muhim siyosiy yoʻnalishlarda kengaytirilgan hamkorlik: iqtisodiyot va moliya, energetika, transport, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi, raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va qishloqni rivojlantirish, bandlik va ijtimoiy masalalar, madaniyat, taʼlim va yoshlar, shuningdek, tadqiqotlar sohalarini oʻz ichiga oladi.