O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni yuqori baholadi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber Ungboni qabul qildi.

    BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    XMT bosh direktori samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish va xalqaro konvensiyalarni implementatsiya qilish borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi.

    Shu munosabat bilan o‘z tashrifini O‘zbekiston rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni qo‘llab-quvvatlash ifodasi deb atadi.

    XMT mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston tashkilotning Ma’muriy kengashiga saylanishi buning e’tirofi bo‘ldi.

    So‘nggi yillarda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiyalandi.

    Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan, "Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi" doirasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturini ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.