BMT Xavfsizlik Kengashining Afgʻonistondagi vaziyatni muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilishida Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili oʻrinbosari, muvaqqat ishlar boʻyicha vakil Nurilla Abdullayev Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Hindiston raisligida boʻlib oʻtgan ochiq yigʻilishda BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzolariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeʼligi va koʻmagida Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish, jahon hamjamiyatining talablarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni ushbu davlat hokimiyat organlari bilan muvofiqlashtirish boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tashkil etish tashabbusi taqdim etildi.
Xavfsizlik Kengashi aʼzolariga Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi amaldagi rasmiy organlar bilan oʻzaro hamkorligining samarali tajribasi haqida maʼlumot berildi.
Maʼlum qilinganidek, Oʻzbekiston Tolibon harakati bilan muloqot orqali soʻnggi 25 yil ichida birinchi marta shimoliy viloyatlarda qizlar uchun maktablar ochishga, Pokiston dengiz bandargohlariga va Afgʻoniston orqali yuk tranzitini yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi. Shu bilan birga, oʻtgan 10 oy davomida mazkur tranzit yoʻnalishi boʻyicha har ikki yoʻnalishda 600 ming tonnaga yaqin yuk tashilgan boʻlib, hech qanday xavfsizlik hodisasi kuzatilmaganiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilariga afgʻon mutaxassislari va talabalarini, jumladan, ayollarni oʻqitish hamda kasbga yoʻnaltirish, elektr taʼminoti, muvaffaqiyatli amalga oshirilgan infratuzilma loyihalari, afgʻon xalqiga favqulodda gumanitar yordam koʻrsatish, afgʻon xalqiga koʻmaklashish boʻyicha respublika tomonidan koʻrsatilayotgan yordam haqidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Termiz shahridagi koʻp funksiyali transport-logistika xabi orqali ushbu yoʻnalishdagi xalqaro saʼy-harakatlar muvofiqlashtirilayotgani qayd etildi. Ushbu xabga BMT shafeʼligida xalqaro maqom berish taklifi bildirildi.
Afgʻon xalqi hech qachon urush qilmagani, ularning barchasi afgʻon zaminiga tashqaridan olib kelingani alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, jahon hamjamiyati afgʻonlar taqdiri, bu mamlakat kelajagi uchun maʼnaviy javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak.
Bu mamlakatning qayta izolyatsiya qilinishiga yoʻl qoʻymaslik, afgʻon xalqini mamlakatda tobora ogʻirlashib borayotgan gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bilan yolgʻiz qoldirmaslik kerakligi bildirildi.