Tadbirda MDHga aʼzo davlatlarning turistik maʼmuriyatlari rahbarlari va MDH Ijroiya Komitetining masʼul vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Turizm kengashi aʼzolari:

-MDHga aʼzo davlatlarda turizm sohasida COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar;

-Elektron viza tizimlarini joriy etish va kirish vizalarini erkinlashtirishda MDH mamlakatlari tajribasi;

- MDHga aʼzo davlatlarning turizm sohasidagi asosiy tashkilotining taʼrifi;

-Turizm sohasida MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha 2021-2030-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi loyihasini koʻrib chiqish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Kengash faoliyatining 2021-yildagi ustuvor vazifasi MDHga aʼzo davlatlarning turizm sanoati, jumladan, xalqaro turizmni tiklashga yordam berishi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan MDH Sayyohlik kengashi tomonidan joriy yil 11-sentyabrda boʻlib oʻtgan onlayn sayyohlik forumida turizm sohasidagi muammolarga javob berish boʻyicha Kengash qoshida ishchi guruh tuzish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi maʼqullandi.

Mazkur ishchi guruh aʼzolari har chorakda turizm sohasidagi dolzarb masalalar, muammo va takliflar boʻyicha onlayn uchrashuvlar oʻtkazishi belgilab olindi.

Shuningdek, Kengash aʼzolarining alohida eʼtiborlari MDH Hukumat rahbarlari kengashining 2020-yil 29-mayda qabul qilingan “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning 2021–2030-yillarda turizm sohasida hamkorligini rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida” gi qarorining oʻz vaqtida bajarilishiga qaratildi. Sayyohlik Kengashining soʻnggi yigʻilishining asosiy qarorlaridan biri Oʻzbekiston Respublikasining “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universitetiga MDHga aʼzo davlatlarning turizm sohasidagi asosiy tashkiloti maqomini berish toʻgʻrisidagi taklifi yakdil qoʻllab-quvvatlanganligi boʻldi.

Oʻz navbatida, MDH Ijroiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi raisligi ostida Kengash va uning aʼzolari uchun muhim boʻlgan hujjatlar va tashabbuslar ishlab chiqilganligi, oʻzaro hamkorlikning yangi formatlari, Kengash doirasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtargani, vazifalarni hal etishda zamonaviy yondashuvlar taklif etilganligi alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida Sayyohlik Kengashining keyingi davrga raisligi rotatsiya asosida Armaniston Respublikasiga oʻtkazildi va Kengashning navbatdagi majlisini 2021-yilning birinchi yarmida Yerevanda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Oʻz navbatida, Armaniston tomoni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan formatni davom ettirishini eʼlon qildi va 2021-yilda boʻlib oʻtadigan Turizm Kengashi yigʻilishi doirasida MDHga aʼzo davlatlarning Turizm yarmarkasini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Maʼlumot uchun: MDH turizm yarmarkasini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 2018-yil 28-sentyabrda Dushanbeda boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashining yigʻilishi paytida ilgari surilgan. Birinchi shunday yarmarka 2019-yil 9-iyulda Samarqandda boʻlib oʻtgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.