“Erk”, “Ozodlik” tushunchalari har bir xalq ongida bashariyat bino boʻlgandan beri turli xil koʻrinishda aks etib kelyapti. Oʻzbekiston tarixida ham bu tushunchalar necha bora oʻzgarganiga qaramay, bu galgi “Erk va ozodlik” batamom oʻzgacha suratda aks etdi. Oʻzbek xalqi Mustaqillik sharofati bilan chin maʼnoda hech kimga tobe boʻlmagan, oʻz-oʻziga bek boʻlgan ozod mamlakatga aylandi. Ana shundan soʻng davlatimiz birin-ketin islohotlarni boshlab yubordi. Davlat ramzlarini belgilash, qabul qilish muhimlaridan boʻlib bu ishga chuqur yondashildi. Bugungi koʻrinishga ega boʻlgan davlat ramzlari — gerb, bayroq, madhiya, milliy valyuta kabi moddiy va maʼnaviy boyliklarimiz, barcha oʻzbek xalqining gʻurur va iftixoriga aylandi. Jumladan Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrda Oliy Kengashning VII sessiyasida qabul qilingan. Bayrogʻimizdagi har bir elementga chuqur yondashilgan. Tarixiy manbalardan, ezgu timsollardan andoza olingan. Respublikamiz bayrogʻi bugungi kunda barcha davlat tashkilotlari peshtoqlarida, shahar mavzelarida hilpirab turar ekan, unga qarab haqiqiy erk hissini tuymaslikning iloji yoʻq. Bogʻchaga chiqqan bolajonning qayerdadir oʻz yurti bayrogʻini koʻrishi bilan quvonch toʻla koʻzlarini katta ochib, barmogʻi bilan sizga koʻrsatishi avvalo vatanga boʻlgan muhabbat, qolaversa ramzlariga boʻlgan hurmat va iftixordan darak beradi.
Yangi Oʻzbekistonning bugungi kunda bironta oʻgʻil-qizi yoʻq-ki oʻz sohalarida yuksak choʻqqini zabt etib, yurt bayrogʻini boshi uzra koʻtarishni, uni oʻpib koʻzga surtishni xohlamasa.
Ozodlik va tinchlik ramzi iftixor va gʻurur timsoli, davlatimiz bayrogʻi musaffo osmonimiz uzra hilpirab turar ekan, xalqning osoyishtaligi va farovonligi bardavomdir.
X.Sultonov,
Respublika Maʼnaviyat va Maʼrifat markazi
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani
boʻlinmasi rahbari.