Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi aʼzolari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T. Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Yigʻilishda davlat rahbarining Prezidentlik lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida ilgari surilgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan 7 ta ustuvor vazifalar, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga eʼtibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan ham munosib baholab borilayotganligi, xususan, Jahon odil sudlov loyihasi tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining 2021-yil hisobotida Oʻzbekiston 19 pogʻonaga, 139 ta mamlakat orasida 89-oʻrindan 70-oʻringa koʻtarilgani eʼtirof etildi.
Qayd etilganidek, soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi, bu illatga qarshi kurashishda tashkiliy-huquqiy asoslar mustahkamlandi, qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tizimi takomillashtirildi.
Oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash, kapital qurilish hamda davlat xaridlari sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari qabul qilinib, ular ustidan taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatildi.
Xususan, oliy taʼlim va kapital qurilish sohalaridagi bir qator tartib-taomillar soddalashtirildi, inson omili kamaytirildi, ayrim xizmatlarning raqamlashtirilishi hisobiga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etildi.
Yigʻilishda davlat rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama qilindi.
Majlisda oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda qurilish vazirlarining hisobotlari eshitilib, oliy taʼlim va kapital qurilish sohalarini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha 2022-2023-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.