Oʻzbekiston Respublikasi MSK delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi saylovlarni kuzatish boʻyicha xalqaro dasturda ishtirok etyapti

    Saylov 10 Aprel 2024 334

    Markaziy saylov komissiyasi raisi З.Низамходжаев boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Janubiy Koreyada boʻlib oʻtadigan, mamlakat Xalq assambleyasi (parlamenti)ning 22-tarkibini belgilaydigan umumiy saylovlarni kuzatish boʻyicha xalqaro dasturda ishtirok etyapti.

    Koreyadagi parlament saylovlarini kuzatishda 27 ta davlatdan 58 nafar saylov organlari, shuningdek, saylov masalalari bilan shugʻullanuvchi xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etyapti.

    Joriy yil 5-aprelda Xalqaro kuzatuv dasturining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar Janubiy Koreyaning amaldagi saylov tizimi, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.

    Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi 5-6-aprel kunlari Seul shahridagi saylov uchastkalarida boʻlib oʻtgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini kuzatishda ishtirok etdi. Milliy saylov komissiyasi (MSK)ning maʼlumotlariga koʻra, juma va shanba kunlari boʻlib oʻtgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida saylov huquqiga ega boʻlgan 44,2 million saylovchilarning 31,2% yoki 13,8 million nafari ovoz berishda ishtirok etgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Janubiy Koreyada ilgari hech qanday muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etish koʻrsatkichlari oʻttiz foiz chegarasiga yetmagan.

    8-aprelda Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 2024-yilgi saylovlar boʻyicha Seul xalqaro forumida ishtirok etdi.

    Koreya MSK har yili bahorda mazkur xalqaro forumga mezbonlik qilib keladi. Komissiya bu sohadagi mutaxassislarni saylovlarni boshqarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish, fikr almashish va butun dunyo boʻylab saylovlarni qanday qilib shaffof, adolatli va yaxshiroq oʻtkazishni muhokama qilish uchun taklif qiladi. Forum siyosiy qutblanish va zamonaviy saylov jarayonlarida sunʼiy intellektning oʻrni masalalariga bagʻishlangan sessiyalar doirasida tashkil etildi.

    Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi va Koreya Milliy saylov komissiyasi raisi oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi. Z. Nizamxodjayev Koreya MSKga saylovlarni kuzatish boʻyicha xalqaro dasturda ishtirok etish taklifi va informativ suhbat uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekiston saylov qonunchiligidagi soʻnggi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

    Hamkasblar 2016-yil 6-fevralda imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum doirasida saylov kampaniyalarni tashkil etish va oʻtkazish tajribasini oʻrganish boʻyicha ikki mamlakat markaziy saylov organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

    Koreya Milliy saylov komissiyasi rahbari Te-ak Ro Oʻzbekiston delegatsiyasiga parlament saylovini xalqaro kuzatuv dasturida bevosita ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan alohida hamkorlik aloqalar mavjudligidan mamnunligini taʼkidladi. U Komissiyalar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar va hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish istagida ekanligini bildirib oʻtdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

    Xalqaro kuzatuv dasturi doirasidagi tadbirlar 12-aprelga qadar davom etadi.