Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisini 2021-yil 25-iyunda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Bekobod, Boʻstonliq, Boʻka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, Oʻrta Chirchiq, Yangiyoʻl tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyoʻl, Bekobod shaharlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida, oqava suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish haqidagi masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash va sohaga oid belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganish natijalari koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.