Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Oliy Majlisi palatalari va YXHT PA oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama etildi.

Sodiq Safoyev YXHT PA raisiga Yangi Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻzlab berdi.

Oʻz navbatida, YXHT PA raisi Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashriflarini mamnuniyat bilan eslashini va har bir tashrif respublikaning demokratik islohotlar yoʻlidan dadil olgʻa siljib borayotganini tasdiqlashi mumkinligini taʼkidladi. «Ishonchim komilki, keyingi tashrifim davomida Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi va demokratik tartib-qoidalarni takomillashtirish borasidagi yangi muvaffaqiyatlarini koʻraman», dedi u.

Margarita Sederfelt, shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Oliy Majlisi va YXHT PA oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan yaqin muloqotni, Oʻzbekiston parlamentariylarining PA tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar va uchrashuvlardagi faol ishtirokini yuqori baholadi.

Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.