O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)dagi nutqi

    Biz Ozarbayjonning zamonaviy iqlim tahdidlariga qarshi kurashish yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha faol saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

    Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

    Avvalambor, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Janobi Oliylarini bugungi tarixiy Konferensiyani goʻzal Boku shahrida yuksak darajada tashkil etgani bilan samimiy tabriklayman.

    Biz Ozarbayjonning zamonaviy iqlim tahdidlariga qarshi kurashish yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha faol saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

    Hurmatli sammit ishtirokchilari!

    Iqlim oʻzgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib bormoqda, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayishiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Ayniqsa, kambagʻallikka qarshi kurash, oziq- ovqat va energetika xavfsizligi, suv va resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytirmoqda.

    Bularning asoratlarini Markaziy Osiyoda oʻtkir his qilmoqdamiz. Iqlim muammolari aholimizning turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini roʻyobga chiqarishda yangi toʻsiqqa aylanmoqda.

    Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolishdir.

    Bu borada biz Oʻzbekistonda uglerod neytralligiga erishish boʻyicha keng miqyosdagi islohotlarni qatʼiy olib borayapmiz. 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirishni reja qilganmiz. Bu majburiyatni 2050-yilga qadar yanada kengaytirishga tayyormiz.

    “Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshiramiz. Elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablarini yaratayapmiz. “Yashil makon” dasturimiz doirasida koʻkalamzor hududlarni keskin koʻpaytiryapmiz.

    Qoʻshni mamlakatlar bilan Mintaqaviy iqlim strategiyasini hayotga tatbiq qilmoqdamiz. Shu kunlari Yevropaga “yashil” energiya yetkazish boʻyicha koʻp tomonlama bitimni imzolaymiz.

    Hurmatli xonimlar va janoblar!

    Oʻzbekiston global iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda oʻzining amaliy hissasini kengaytirish niyatida.

    Birinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik koʻmagini kengaytirish dolzarbdir.

    Bu borada Iqlim tufayli yoʻqotish va zararlarni baholash boʻyicha xalqaro markaz taʼsis etishni taklif qilamiz.

    Ikkinchidan, transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilma-xilligini saqlashda yagona yondashuvlar zarur.

    Mintaqamiz misolida aytib oʻtmoqchimanki, bir avlod koʻz oʻngida Orol dengizining butunlay yoʻqolishi sayyoramiz miqyosidagi fojiaga aylandi. Shu oʻrinda biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini taʼminlash boʻyicha majburiyatlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani ishlab chiqish tarafdorimiz.

    Uchinchidan, koʻp tomonlama yetakchi tuzilmalar ishtirokida oʻsimliklarning iqlim oʻzgarishlariga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini ishga tushirishni reja qilganmiz.

    Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan davlatlar uchun yurtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining innovatsion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari suramiz.

    Toʻrtinchidan, iqlim oʻzgarishlaridan zarar koʻrayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi boʻyicha ilgʻor bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etishni va uning birinchi forumini Toshkentda oʻtkazishni taklif qilamiz.

    Beshinchidan, kelgusi yili 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolboʻyi mintaqasida oʻtkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivalida davlatlaringiz vakillarini kutib qolamiz.

    Hurmatli sammit ishtirokchilari!

    Oʻzbekiston umumiy farovonlik va “yashil” taraqqiyot yoʻlida ochiq muloqot va sheriklikka doim tayyor ekanini yana bir bor taʼkidlayman.