Hurmatli Szin Litsyun janoblari!
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Sizlarni Oʻzbekiston zaminida, koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahrida koʻrib turganimdan benihoya xursandman.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining yillik yigʻilishi mintaqamizda ilk bor oʻtkazilmoqda. Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, toʻqqizinchi majlisi uchun aynan Oʻzbekiston tanlanganini biz oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz.
Darhaqiqat, soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib boryapti.
Bugungi anjumanimizda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakillar qatnashmoqda. Sizlar mamlakatimizdagi jadal islohotlar, qulay investitsiya va tadbirkorlik muhiti bilan yaqindan tanishib, oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olasizlar.
Shu bilan birga, yurtimizning boy tarixi va zamonaviy qiyofasini oʻzida mujassam etgan Samarqand shahri barchangizda oʻchmas taassurot qoldiradi, deb ishonaman.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambagʻallik, ekologiya muammolari tobora oʻtkir tus olib bormoqda. Masalan, oʻrtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.
Dunyo aholisining toʻrtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim oʻzgarishi surʼatlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi oʻta ogʻir kambagʻallik sharoitida yashayapti.
Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois anʼanaviy logistika yoʻnalishlari mutlaqo oʻzgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va isteʼmol tovarlarining qimmatlashishiga sabab boʻlyapti.
Bularning barchasi – mavjud infratuzilmaga boʻlgan yuklamani keskin oshiradi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta toʻsiq boʻladi. Ekspertlar fikriga koʻra, 2030-yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinadi.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi soʻnggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi.
Bular barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirmoqda.
Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror oʻsish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda. Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida eʼtirof etish lozim.
Aziz doʻstlar!
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub oʻzgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy eʼtibor qaratyapmiz.
Oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar koʻpayib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qoʻyganmiz.
Birinchi. Biz toʻrt yil ichida mamlakatimizdagi kambagʻallik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik.
Joriy yil bu koʻrsatkichni 9 foizgacha, 2030-yilga qadar esa 2 barobar pasaytirishni maqsad qilganmiz.
Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish oʻrinlarini va daromad manbalarini koʻpaytirishdek ustuvor vazifa mujassam.
Shu bilan birga, aholining sifatli taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng ogʻir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “koʻp oʻlchovli” kambagʻallikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.
Shu bois ilgʻor xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi boʻgʻin – mahalla darajasiga tushgan holda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “Oʻzbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha oʻzining noyob retseptiga ega”, deb taʼkidlagani ham bejiz emas.
Ikkinchi. Inson kapitalini rivojlantirishni mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishining mustahkam poydevori, deb bilamiz.
Bu borada soʻnggi sakkiz yilda maktabgacha taʼlim qamrovini 27 foizdan 74 foizga oshirdik.
Yangi maktablar qurilib, qoʻshimcha 800 mingta oʻquvchi oʻrni yaratildi. Oliy oʻquv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.
Biz kelgusi 3-4-yilda maktabgacha taʼlim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming oʻrinli bogʻchalar barpo etiladi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlab, davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilgʻor standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirishni reja qildik. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritamiz.
Biz taʼlimdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorligimizning yangi istiqbolli yoʻnalishi sifatida belgilab olishni taklif qilamiz.
Uchinchi. Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyojimiz yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.
Shu maʼnoda, bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida oʻtkazilayotganini olqishlaymiz.
Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirdik. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.
Biz 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha katta dastur qabul qildik. Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yoʻnalishlarida pullik avtomobil yoʻllari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yoʻnalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yoʻl qurish loyihalari amalga oshiriladi.
Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beramiz.
Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga oʻtadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish boʻyicha oʻtkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar oʻz qiziqishini bildirdi.
Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlarimiz hamda qolgan viloyatlar markazlariga yoʻldosh “Yangi Oʻzbekiston” shaharchalarini qurish boʻyicha katta loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Bu borada oʻrta shaharlarni rivojlantirish boʻyicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash boʻyicha 130 million dollarlik loyihalarni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganimizni alohida eʼtirof etmoqchiman.
Ishonchim komil, Bank va boshqa hamkorlarimiz bilan bunday infratuzilmaviy loyihalarni yanada kengaytiramiz.
Toʻrtinchi. “Yashil” iqtisodiyotni jadal rivojlantirishni oldimizga ustuvor vazifa sifatida qoʻyib, 2030-yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish boʻyicha katta marra olganmiz.
Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 2030-yilga borib jami portfelining 50 foizini iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq loyihalarga yoʻnaltirishi bizning maqsadlarimiz bilan hamohang.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yirik “yashil” energiya loyihalarida Bank nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan birga ishlab, bu sohada global darajada yangi andozalarni yaratmoqda.
Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sigʻimlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.
Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” maʼlumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha boʻladi, deb hisoblayman.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishi boʻlishiga ishonaman.
Qoʻshni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmogʻini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida taʼkidlamoqchiman.
Shu oʻrinda, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qilaman.
Beshinchi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda.
Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa oʻtkir tus olmoqda.
Oʻzbekiston bu borada oʻz strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash boʻyicha katta loyihalarni boshlagan.
Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.
Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. Oʻylaymanki, qoʻshnilarimiz ham bu tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaydi.
Hurmatli bank boshqaruvchilari!
Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.
Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv taʼminoti va barqaror rivojlanish yoʻnalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan Oʻzbekiston bankning TOP-10 ta hamkoridan biriga aylandi. Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qoʻshimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Taʼkidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik.
Fursatdan foydalanib, biz bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng koʻlamli islohotlarimizni qoʻllab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Lisyun janoblariga, Bankka aʼzo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.
Oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish yoʻlida Bankning barcha jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shuningdek, bugun anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga oʻzimning alohida hurmat va ehtiromimni izhor etaman!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi masʼuliyatli vazifalar turibdi.
Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka aʼzo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita taʼsir qiladi.
Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar oʻzingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-gʻayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va qadimiy Samarqandda ishlaringiz muvaffaqiyatli boʻlishini tilayman.
Siz, aziz doʻstlarimizni Oʻzbekistonga yana koʻp bor kelishingizni kutib qolamiz.