Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston stomatologlariga eng zamonaviy xalqaro usullardan foydalanishi imkonini yaratishdan iborat edi.
Oʻzbekiston shifokorlari malakasini doimiy oshirib borish maqsadida taniqli xorijiy amaliyotchilar va pedagog-nasihatchilarni jalb etish Milliy palataning Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribani olib kirish boʻyicha dasturining bir qismi sanaladi. Milliy palata shu maqsadda dunyoning turli mamlakatlaridagi eng yaxshi tibbiy amaliyotlarning doimiy tahlilini olib borish bilan shugʻullanadi, hamda Oʻzbekiston tibbiy klinikalari va OTMlari bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Xususan, F.Sleyman bilan muzokaralar Milliy palata va Toshkent davlat stomatologiya instituti (TDSI) oʻrtasidagi Memorandum asosida tashkil etilgan.
Filipp Sleyman Bolgariya, Ruminiya Stomatologiya jamiyatining faxriy aʼzosi, Livan stomatologiya assotsiatsiyasi ilmiy mukofoti sohibi, AQSHning bir qator professional assotsiatsiyalari sirasiga kiradi, jahon stomatologiya materiallari va uskunalarini ishlab chiqaruvchilariga maslahatlar beradi, ushbu sohadagi bir qator uslublarga patentlar muallifi ham.
Har doim eng yangi ilgʻor uslublarni oʻzlashtirish va orttirilgan tajribani faol ommalashtirish Filipp Sleymanning boshqalardan ajratib turadigan xislatlari sanaladi. Bayrutdagi Livan universitetining professori boʻla turib, u turli mamlakatlarda, xususan, AQSHdagi Shimoliy Karolina va muqaddas Iosif universitetlarida ishlab tajriba orttirgan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada kabi mamlakatlarda nasihatgoʻylik faoliyatini olib borgan. U MDH mamlakatlari hududida, ayniqsa Rossiyada taniqli.
TDSI vakillari soʻzlariga koʻra, bugun mutaxassislarni tayyorlash jarayonida, hamda amaldagi stomatologlarning malakasini oshirishda innovatsion tadqiqotlarni, dunyoning turli mamlakatlarida samarasini koʻrsatgan materiallarni, uskunalarni oʻzlashtirish muhim oʻrin tutadi. Zamonaviy endodontda (tishlarning tomir kanallari kasalliklarini davolash) mikroxirurgiya, katta ahamiyat kasb etadi. Uni oʻzlashtirish uchun esa amaliy master-klasslar, pedagog-nasihatchining bevosita tajribalari kerak boʻladi.
F.Sleyman tinglovchilarning har xil guruhlari — talabalar va amaldagi stomatologlar uchun zamonaviy maʼlumotlar va usullarni taqdim etishga tayyorligini taʼkidladi. Tomonlar dolzarb mavzularni tayyorlash va muvofiqlashtirish, hamda oʻqishning kunduzgi va sirtqi shakllarida leksiya va master-klasslarni tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.