Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida 2021-2023-yillarga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi (EDCF) bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha doiraviy bitim imzolandi. Uning doirasida sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida 1 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan imtiyozli moliyalashtirish dasturi orqali ajratiladigan jami 164 million dollarlik kredit shartnomalari imzolandi. Ushbu resurslardan kattalar uchun Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Ilmiy — tadqiqot va loyihalash instituti — Toshkent shahrida Kimyoviy texnologiyalar markazini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.

Koʻp tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi “yurak-qon tomir jarrohligi”, “angionevrologiya”, “neyroonkologiya mavjud boʻlgan miya va umurtqaning minimal invaziv jarrohligi”, “onkoginekologiya” va “rekonstruktiv ortopediya” sohalarida ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, Markazda 300 ta oʻringa ega yuqori texnologiyali jarrohlik bloki barpo etiladi. Mazkur blokda yiliga kamida 8,5 mingta yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratiladi. 760 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.

Kimyo texnologiyalari markazining barpo etilishi yuqori texnologiyali ilmiy-tadqiqot majmuasini tashkil etishni koʻzda tutadi, uning asosiy vazifasi mamlakatimizning kimyo sohasidagi sanoat salohiyatini oshirish maqsadida mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iborat boʻladi. Ushbu loyiha mamlakatimiz kimyo sanoati korxonalarida chuqur qayta ishlashning innovatsion usullarini keng joriy etishni hamda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydi va 130 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratadi.

Shuningdek, sammit doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi oʻrtasida “Toʻrtinchi sanoat inqilobiga koʻmaklashish maqsadida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum” imzolandi. Ushbu hujjat Oʻzbekistonda “aqlli” innovatsiya fabrikalari, “aqlli” fermer xoʻjaliklar va “aqlli” shaharlarni yaratish, raqamli sogʻliqni saqlash tizimini joriy etish va inson resurslarini rivojlantirishni koʻzda tutadi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.