Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini roʻyobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirishda odil sudlov alohida oʻrin tutishini eʼtiborga olgan holda soʻnggi toʻrt yilda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy-tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Sud-huquq sohasida yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida Prezidentning oʻndan ortiq farmon va qarorlari hamda parlament tomonidan odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilinib, qator qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qayd etish joizki, mazkur Qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mantiqiy davomidir. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samararadorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.
Mazkur Farmonning ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Qonunga asosan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta koʻrib chiqish tartibini ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
maʼmuriy tartib taomillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.
Shularga asosan sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirilayotganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud tizimini boshqarish masalalarini takomillashtirilishi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga erishish bilan bir qatorda, eng avvalo, fuqarolarning sudma-sud sarson boʻlib yurishiga barham berib, ularning muammosining bir joyda hal qilinishi imkonini beradi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati