Brifing chogʻida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov tadbirning mamlakatimiz uchun ahamiyatli ekanligi haqida soʻzlab berdi. Oʻzbekiston Respublikasining SHHTga raislik qilishi doirasida oʻtkazilayotgan mazkur Forum tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun hududlar darajadagi muloqot maydonchasiga aylanishi koʻzda tutilgan.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning SHHTga aʼzo davlatlarning 2020-yilda Moskva va 2021-yilda Dushanbeda boʻlib oʻtgan sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish doirasida oʻtkazilyapti.

Oʻzbekistonning soʻnggi besh yil ichidagi yangi tashqi siyosat strategiyasi SHHT faoliyatida yaqqol namoyon boʻldi. Xususan, pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston soʻnggi bir necha yil ichida ijobiy iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qoldi. Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasining SHHT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2021-yilda oʻtgan yilga nisbatan 23,6% ga oshib, 21,1 milliard dollarni tashkil etdi.

Forumning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, SHHTga aʼzo davlatlar hududlari oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ekani taʼkidlandi.

Ushbu keng koʻlamli tadbirda SHHTga aʼzo mamlakatlar davlat organlari, maʼmuriy — hududiy birliklar rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari qatnashadi. Forum doirasida turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik va qishloq xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda panel munozaralari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davra suhbati tarzida Biznes-forum va ishbilarmon doiralar vakillarining B2B uchrashuvlari oʻtkaziladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatlarning ushbu shakldagi aloqalari kompaniyalar rahbarlariga oʻzaro tajriba almashish, hamkorlik istiqbollarini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, investorlar mamlakatimizning sanoat salohiyati bilan tanishish uchun Oʻzbekistonning qator viloyatlariga tashrif buyurishi kutilyapti, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.