Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan ayrim moliyaviy operatsiyalar haqida xabarlar tarqalmoqda. Xususan, federatsiya hisobida turgan “Malibu” avtomashinasi 53 mln. soʻmga sotilgani va uni sotib olgan MCHJ direktori – federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari ekanligiga oid maʼlumotlar keltirilgan.

Mazkur maʼlumotlar asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan shaxmat sport turini yanada rivojlantirish boʻyicha davlat byudjetidan Federatsiyaga ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanganligi hamda ehtimoliy korrupsiya holatlari yuzasidan oʻrganish ishlari boshlanganini maʼlum qilamiz.

Shuningdek, Agentlik sportning boshqa yoʻnalishlarida ham davlat tomonidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishiga oid oʻrganish ishlarini olib bormoqda.

Oʻrganish yakunlari boʻyicha OAV ga qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi, deya xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati.