Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotan siyosatning amaliy samarasi, mevasi, natijasidir.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat yurita boshlagan ilk yillardanoq, Oʻzbekistonning xalqaro doiradagi nufuzini yanada oshirishga kirishdi. Oldimizga qoʻyilgan katta maqsadlarni yuksak minbarlardan turib baralla aytdi. Ana shu ortga qaytmas islohotlar samarasini bugun har jabhada oʻzgarishlarda yaqqol his etib, koʻrib, bilib turibmiz.
Oʻzbekistonning oʻziga xos siyosat yoʻli turli xalqaro uchrashuv va muloqotlarda oʻz aksini topib boryapti. Prezidentimiz tomonidan yuksak minbarlarda ilgari surilgan tashabbuslar faol qoʻllab-quvvatlanayotgani ham bor gap. Dunyodagi eng yirik tuzilma — BMT Bosh Assambleyasining 72–75-sessiyalarida aytilgan gaplar asosida maxsus dastur va hujjatlar qabul qilingani bunga misol. Bunday tuzilmalarda oʻz fikri va soʻzini ayta olish siyosatimizning asosiy jihatlaridan biriga aylanmoqda.
Kuni kecha Rossiyaning Qozon shahrida boʻlib oʻtgan BRIKS birlashmasi davlatlarining sammiti ham ana shunday jihatlari bilan alohida ajralib turdi. Yaʼni davlatimiz rahbari “BRIKS plyus” formatidagi sammitdagi nutqida hozirgi dunyo oldidagi global va oʻtkir muammolarni oʻrtaga tashladi. Ularga yechim topish boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi. «... Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal boʻlinib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, ogʻir iztirob va oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda.
Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar oʻrtasida yangi toʻsiqlar vujudga kelmoqda», dedi davlatimiz rahbari oʻz nutqida.
Ha, bugun dunyo beqaror. Qarorlar oʻzgaruvchan, bozorlar ishonchsiz. Bunday sharoitda esa murosa eng birinchi dastakdir. Kelishib, murosa qilib ish qilinmas ekan, natija haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston siyosati, avval boshdanoq, shunga yoʻgʻrilgan. Oʻzbekiston har bir davlat bilan doʻstona hamkorlik qilishni istaydi. Jumladan, BRIKS aʼzolari bilan ham. Binobarin, hozirgi kunda tuzilmaga aʼzo toʻqqiz davlatning dunyo iqtisodiyotidagi oʻrni katta. Shu bilan birga, 3,24 milliard kishi BRIKS davlatlarida yashaydi. Bu dunyo aholisining 40 foizidan koʻproq, degani. Tahlillarga koʻra, 2030-yilga borib, jahon yalpi ichki mahsulotining 50 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi yillarda tashkilotning xalqaro taʼsir doirasi kengayib, unga kirish istagini bildirayotganlar ham koʻpaymoqda.
Dunyo nufusining qariyb yarmi, yalpi ichki mahsulotining yarmi — bu katta isteʼmol bozori, degani. Dunyo bozorida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez oʻzgarayotgan hozirgi sharoitda sanaot va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga intilayotgan mamlakatimiz uchun esa katta imkoniyat. Oʻzi, umuman, ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobiga joriy yilning toʻqqiz oyida mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,6 foizga oshgani, eksport qariyb 19 foiz oʻsgani xalqaro aloqalar mustahkamlanishga asos yaratadi. Chunki barqaror rivojlanish kuzatilgan iqtisodiyotga qiziqish doim yuqori boʻlgan.
Dastlab besh mamlakatni birlashtirgan mazkur tuzilma tarkibi yil sayin kengayib, hudud, aholi va YAIM koʻrsatkichi boʻyicha sayyora miqyosida yirik uyushmaga aylanib boryapti. Uning faoliyati esa izchil, faol, pragmatik, ochiq va shaffof muloqot, hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
BRIKSning navbatdagi sammitida Qozon deklaratsiyasini qabul qilindi. Hujjatda umumiy manfaatlar asosida strategik sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirish qayd etildi. Global jarayonlarga kam rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan, Afrika davlatlarini kengroq ishtirok etishga chaqirildi. Ukraina urushini muloqot orqali tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha vositachilik takliflari keltirildi. Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish kabi masalalar aks ettirildi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qolpilardan xoli boʻlgan konstruktiv muloqot yoʻli bilan global murosaga erishish boʻyicha bildirilgan daʼvatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Oʻzbekiston bundan buyon ham BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatida ekanligi, ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishi aytildi.
“Biz, shuningdek, innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, «yashil” taraqqiyot va energetika, toʻsiqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz», — dedi davlatimiz rahbari oʻz nutqida.
Statistika idorasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning sakkiz oyida Oʻzbekiston 188 mamlakat bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 42,7 milliard dollariga yetgan.
Sammit doirasida davlatimiz rahbari Turkiya, Xitoy, Misr, Hindiston, Vyetnam kabi davlatlar yetakchilari, shuningdek, Yangi taraqqiyot banki, “Sberbank” singari moliyaviy tashkilotlar rahbarlari bilan bilan uchrashib, muzokaralar oʻtkazgani bu boradagi koʻrsatkichlar yanada ortishiga zamin yaratadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tatariston Respublikasi davlat mukofoti — «Doʻstlik« ordeni bilan taqdirlanishi esa Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasidagi munosabatlar nechogʻlik yuqori choʻqqiga chiqqanligini anglatadi.
Umuman olganda, bugungi kunda Oʻzbekiston yuritayotgan siyosat mazmun-mohiyati hamkorlikni rivojlantirish orqali xalqlar farovonligini taʼminlash, doʻstlikni mustakamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qalandar ABDURAHMONOV,
akademik