Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ushbu videoga munosabat bildirdi.

Uning taʼkidlanshicha, media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarur. Vaqti-vaqti bilan OAVlarining kun tartibida baʼzi voqealar yoki bayonotlar tufayli shovqinlar paydo boʻladi. Lekin ular voqelikni toʻgʻri aks ettira olmasligi, baʼzan esa uni juda buzib koʻrsatishi mumkin.

Shu munosabat bilan OAV va bloglar olami vakillari tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikka chaqirdi.

"Qaysi millatga mansub boʻlishidan qatʼiy nazar, xalqimizga qarata aytilayotgan bunday gaplarni mutlaqo qabul qilib boʻlmaydi. Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar doimo himoya qilgan va himoya qiladi.
Biz axborot maydonini muntazam ravishda kuzatib boramiz. Ushbu video internetda topilishi bilanoq, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali zudlik bilan murojaat qilingan.
Bunday paytlarda asl manbani topish va materialning haqiqiyligini tekshirish juda muhimdir.
Tabiiyki, Rossiya tomoni shu zahotiyoq “Bunday haqoratomuz bayonotlar, kim tomonidan aytilishidan qatʼi nazar, chuqur afsuslanarliligi”ni taʼkidladi.
Tekshiruvlar natijasida ushbu material provokatsion xususiyatga ega boʻlib, xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga nizo keltirib chiqarishga urinayotgan buzgʻunchi kuchlar tomonidan toʻqib chiqarilgani maʼlum boʻldi.
Rossiya tomonining xabar berishicha, videoda tilga olingan shaxs Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emas. Hozirda Rossiyaning rasmiy OAVlari ham bu borasida qator materiallarni eʼlon qilmoqda.
Yana bir bor barchaga har qanday axborot materialini tarqatishda masʼuliyat bilan yondashish zarurligini eslatib oʻtamiz. Tasdiqlanmagan manbalardan olingan kontentni targʻib qilishni nomaqbul deb hisoblaymiz" — deyiladi bayonotda.