Mazkur konferensiyada ikki davlat yetakchi tahlil markazlari, jumladan Markaziy Osiyo Xalqaro instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi ekspertlari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Tojikiston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy taʻlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda mustaqil ekspertlari ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstona va strategik sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki davlatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar salohiyatini tatbiq etish, taʻlim va sayyohlik almashinuvini faollashtirish boʻyicha fikr va mulohazalar almashildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonlik maʻruzachilar, xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida, jumladan, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasida Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik munosabatlari taʻminlanganligi, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yoʻnalishida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar boʻyicha ham maʻlumot berib oʻtildi.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida Oʻzbekistonning jahon miqyosidagi rolini oshirish, Markaziy Osiyoda turli sohalarda yaqin hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish hamda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash muhim maqsadlar qatorida ekanligi qayd etildi.

Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida oliy darajadagi tashriflar almashish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining har yili oʻtkaziladigan Maslahat uchrashuvlari muntazamligini taʻminlash, chegara oʻtkazish punktlarining salohiyatini oshirish, ekologiya va atrof-muhit ifloslanishning oldini olish hamda tabiatni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga Taraqqiyot strategiyasida alohida eʻtibor qaratilganligini taʻkidladi.

E.Tulyakov Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, jumladan shunday dedi: “Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarida tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Oʻzbekistonda islohotlar boshlanishi bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalar faollashdi. Oliy darajadagi ishonchli muloqot ikki qardosh xalq oʻrtasidagi munosabatlarni strategik darajaga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratdi. Xususan, oʻtgan vaqt davomida uch marotaba oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, “Strategik sheriklik toʻgʻrisida” bitim imzolandi. Natijada, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal surʻatlarda rivojlanib, ularning dinamikasi izchil oʻsishda davom etmoqda. Jumladan, 2017-2021-yillar oraligʻida ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 3 barobarga oshib, 237,9 million dollardan 604,5 million AQSH dollariga yetdi”.

Xalqaro anjuman yakunida mazkur ilmiy-amaliy konferensiyada boʻlib oʻtgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlik boʻyicha ikki mamlakat tadqiqot markazlari oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv fikr almashish mintaqa davlatlari munosabatlarining mustahkamlanishida muhim ahamiyatga ega ekanligi taʻkidlandi, shuningdek, milliy, mintaqaviy va global masalalarda amaliy hamkorlikka qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlarini muntazam ravishda oʻtkazib borishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati