Tomonlar ikki taraflama hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdilar va ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha munosabatlarni yana-da kuchaytirish borasidagi qadamlarni muhokama qildilar.
TTDHK Kotibiyatining Oʻzbekiston tashabbuslarining amaliy ijrosini taʼminlashda salmoqli hissasi va mushtarak manfaatli vazifalarni hal etishdagi konstruktiv yondashuvi alohida taʼkidlandi.
TTDHK faoliyatini yana-da mustahkamlash maqsadida amaliy hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Jumladan, Oʻzbekiston tomoni “Turk dunyosi istiqbollarining koʻrinishi – 2040” va “Turkiston Kengashining 2020-2025-yillarga moʻljallangan strategiyasi” kabi bir qator konseptual hujjatlarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirishda faol ishtirok etadi.
Tomonlar Qoʻqon shahrida Turkiy Kengash mamlakatlarining turizm masalalari vazirlarining uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilganligini qayd etdilar. Uchrashuv natijalaridan biri Oʻzbekistonning “Zamonaviy Ipak yoʻli” dasturiga qoʻshilgani boʻldi.
Maʼlumot uchun: “Zamonaviy Ipak Yoʻli” loyihasi 2018-yilda Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar turizm masalalari vazirlarining Ostonadagi yigʻilishida tashkil topgan. Loyihaning asosiy maqsadi barcha TTDHK mamlakatlarini qamrab oladigan qoʻshma turistik xizmatlarini rivojlantirish va ilgari surishga moʻljallangan platforma yaratishdir.
TTDHK bilan investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan vazifalariga TTDHKga aʼzo mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirish kiradigan Qoʻshma investitsiya va integratsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha birgalikda ish olib borishning imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar TTDHK mamlakatlari hududlaridan oʻtuvchi transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish va transport-logistika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda transport va tranzit sohasidagi hamkorlik qilish yoʻllarini koʻrib chiqdilar.
Joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yoshlar va sport ishlari masalalari vazirlari, Qishloq xoʻjaligi vazirlarining yigʻilishi, Yosh tadbirkorlar forumi va Turkiy Agroforum kabi qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrishda keyingi qadamlar belgilandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar erishilgan kelishuvlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni rejalashtirib oldilar, shuningdek, Oʻzbekiston va TTDHK oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: TTDHK bir qator turkiy mamlakatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilotdir. Tashkilot 2009-yil 3-oktyabrda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya oʻrtasida imzolangan Naxichevan bitimi asosida tashkil etilgan. Tashkilotning Bosh kotibiyati Istanbul shahri (Turkiya)da joylashgan. Oʻzbekiston TTDHKga 2019-yil 14-sentyabrda aʼzo boʻldi.