O‘zbekiston turizm salohiyati va sayyohlar uchun imkoniyatlarini Londonda namoyish etdi

    Turizm 7 Noyabr 2024 499

    Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiev boshchiligidagi delegawiya 2024-yil 5-7-noyabrm kunlari Londonda turizm sohasidagi eng yirik xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardan biri «World Travel Market London – 2024»da ishtirok etdi.

    Ko‘rgazmada O‘zbekiston turizm brendining yagona stendi tashkil etilib, unda tashrif buyuruvchilar respublikamiz, jumladan uning boy madaniy va tarixiy merosi, qadimiy shaharlari, mehmondo‘stlikning zamonaviy rivojlanishi va infratuzilmalar haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir doirasida milliy turoperatorlar va yangi sayyohlik yo‘nalishlarini qidirayotgan xorijiy kompaniyalar o‘rtasida B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

    «World Travel Market London – 2024» 180 dan ortiq mamlakatdan 4 000 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari va ishtirokchilarni, shu jumladan mehmonxona tarmoqlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar va onlayn platformalarni birlashtirdi. Tadbirga 43 mingdan ortiq turizm sohasi mutaxassislari tashrif buyurdi. O‘zbekiston an’anaviy ravishda ushbu muhim tadbirda qatnashib, o‘zining jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi salohiyatini namoyon etib kelyapti, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.