Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini toʻliq ishga solish muhimligi qayd etildi.
Amaldagi va istiqbolli yoʻlaklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bogʻlaydigan barqaror va samarali transqitʼaviy yoʻnalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
Hozirgi kunda Xitoy-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afgʻoniston bilan Transafgʻon yoʻlagini qurish loyihasi boʻyicha memorandum imzolandi.
Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni taʼminlashi qayd etildi.
Oʻrta marshrutni, shu jumladan Zangezur yoʻlagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qoʻllab-quvvatlandi.
Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.
Bu — oʻtkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini taʼminlash masalalaridir.
Oʻzbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni taʼminlash maqsadida yuk tashish tariflarini oʻzaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi.
Bundan tashqari, saʼy-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin boʻlgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berishi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun oʻz parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi.
Energetika xavfsizligini taʼminlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yoʻlaklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Bu borada Yevropaga «yashil« energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani taʼkidlandi.
Anʼanaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni oʻzlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini oʻrganish taklif etildi.
Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan oʻzaro savdo hajmi 2 barobarga oshdi. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40 foizga yetdi.
Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qoʻshma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.
Savdo-sanoat palatalari shafeligida koʻrgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini oʻtkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish taklif qilindi.
Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini koʻpaytirish, xalqlarimizning boy madaniy merosi mushtarakligi, anʼana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi.
Yakunda davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun «yoʻl xaritasi«ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yoʻnalishlar boʻyicha vazirlarning qoʻshma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi.












