Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

    Investitsiyalar 26 Avgust 2021 455

    Joriy yil 25-avgustda Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marri bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chogʻida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Oʻtgan ikki yil mobaynida qoʻshma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishda salmoqli natijalarga erishilgani taʼkidlandi – ayni paytda BAAlik hamkorlar bilan umumiy qiymati 5 milliard dollarga yaqin 15 loyiha amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, toʻqimachilik va zargarlik sanoati kabi qator tarmoqlarda va boshqa sohalarda ishga solinmagan ulkan investitsiyaviy salohiyat mavjudligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan davlat xususiylashtirish dasturida ishtirok etish uchun BAA investorlarini jalb etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    BAA Oziq-ovqat va suv xavfsizligi vazirligi hamda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatida qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Abu-Dabi rivojlanish jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etilgan Oʻzbekiston – BAA investitsiya kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati qayd etildi. Oʻz faoliyatini boshlaganidan buyon kompaniya Oʻzbekistonda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga 100 million dollarga yaqin mablagʻni jalb etdi. Birlashgan Arab Amirliklari tomoni Oʻzbekiston – BAA investitsiya kompaniyasi resurslari hisobiga birgalikda moliyalashtiriladigan istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish maqsadida BAA salohiyatli investorlari orasidan yangi hamkorlarni jalb etishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

    Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi savdo aylanmasini oshirish mexanizmlari alohida muhokama qilindi. Fors koʻrfazi mamlakatlari bozorlariga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berish geografiyasini kengaytirish shart-sharoitlari ham qayd etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni davom ettirish va mavjud masalalarni tezkor muhokama qilish va hal etish uchun yaqin munosabatlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.