Tomonlar Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi siyosiy va diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Afgʻonistonda kuzatilayotgan vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Mamlakatimizda demokratik institutlarini rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va huquqiy muhitni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishilgani taʼkidlandi. Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha muloqotni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. YEI maxsus vakili Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida Oʻzbekistonga amaliy yordam koʻrsatishga sodiqligini tasdiqladi hamda Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi yuzasidan kelishishning qisqa muddatlarda yakunlanishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida koviddan keyingi davrda Oʻzbekiston va YEIga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan, “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi imkoniyatlaridan foydalanish orqali koʻpaytirish hamda madaniy-gumanitar sohadagi qoʻshma dasturlarni amalga oshirishni belgiladilar.

Uchrashuv natijasida koʻrib chiqilgan barcha yoʻnalishlarda yaqin hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.