Muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, koʻp qirrali hamkorlik hamda Markaziy Osiyo davlatlarining transport aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Yevropa tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni eʼtirof etdi. Bryussel ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida ahamiyat berayotgani taʼkidlandi.

Yevropa tomoni Oʻzbekiston YEI “GSP+” umumiy preferensiyalar tizimi afzalliklaridan samarali foydalanishiga, shu jumladan, biznes vakillarining Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilgan tarif imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropa bozorlariga Oʻzbekiston mahsulotlari eksportini koʻpaytirish istiqbollari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar orqali yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Joriy yil 28 – 30-iyun kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralarning 8-raundida Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB) loyihasini tasdiqlash yuzasidan erishilgan yutuqlar alohida qayd etildi. Hujjatning qolgan bir qator boʻlimlari boʻyicha mavjud masalalarni kelishish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi.

Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi doirasida YEI bilan hamkorligi samaradorligi taʼkidlandi. Yaqin kelajakda tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Yevropa tomoni Oʻzbekistonga zarur materiallarni tayyorlash, tadqiqotlar oʻtkazish, tegishli sohalarda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, JSTga aʼzo boʻlish jarayonlari bilan bogʻliq oʻzbek ekspertlarining malakasini oshirishda texnik yordam koʻrsatishni yana-da kuchaytirishini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, bugungi kunda ishlab chiqilayotgan 2021 ‒ 2027-yillarda Oʻzbekiston uchun Yevropa Ittifoqining koʻp yillik indikativ dasturi doirasida moliyaviy-texnik sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu kabi dastur doirasida 2014 ‒ 2020-yillarda 18 ta ustuvor loyihani amalga oshirish uchun 168 mln yevro grant mablagʻlari ajratilgani taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida barcha yoʻnalishlar boʻyicha faol hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuviga erishildi.