29 dekabr` mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy-iktisodiy xayotida yilning eng muhim tadbiri - Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi bo'lib o'tdi. Davlatimiz rahbarining ichki va tashqi siyosatimizning dolzarb masalalari yuzasidan bildirgan fikrlari, taklif va tashabbuslari siyosiy doira vakillari va keng jamoatchilik tomonidan yuksak baholanmokda.
Murojaatnomada 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, erishilayotgan natijalar va oldimizda turgan ustuvor vazifalar chuqur tahlil etildi.
Xususan, mamlakatimizning tashqi siyosatini rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan do'stona va o'zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham urg'u berildi. Prezidentimiz bu haqda to'xtalar ekan, jumladan, O'zbekiston yaqinda Evroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgani, ushbu tashkilotga a'zo bo'lgan davlatlar bozorlarida to'laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me'yorlarini ularning talablariga moslashtirish bo'yicha ishlarni jadallashtirish zarurligini aytib o'tdi.
Aytish kerakki, 2020 yilda O'zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiy modernizatsiyani jadallashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, O'zbekiston fuqarolari manfaatlari va huquqlarini har tomonlama himoya qilish, xalqaro iqtisodiy aloqalar tizimida mamlakatimizning o'rni va rolini hamda jahon hamjamiyatidagi obro'sini mustahkamlash maqsadida faol ishlar olib borildi.
Xususan, O'zbekiston o'z tarixida ilk bor Mustaqil davlatlar hamdo'stligi tashkilotiga raislik qildi hamda belgilangan reja va maqsadlarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga a'zo bo'ldi. SHanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida O'zbekistonning ishtiroki sezilarli ravishda faollashdi. Pandemiyaga qaramasdan yaqin va uzoq xorijdagi barcha mamlakatlar hamda tashkilotlar bilan sheriklik aloqalari yanada mustahkamlandi.
SHu bilan birga, yakunlanayotgan yilning muhim voqealardan biri –
11 dekabr` kuni Oliy Evroosiyo iqtisodiy kengashida, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo-mamlakat rahbarlari tomonidan O'zbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to'g'risida bir ovozdan qaror qabul qilingani bo'ldi.
Qayd etib o'tish lozimki, EOII tomonidan O'zbekistonga ushbu tashkilot huzurida kuzatuvchi davlat maqomining berilishi, bu shubhasiz so'nggi yillarda O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati oshayotganligi, mamlakatimiz tashqi savdo-investitsion munosabatlarda faol ishtirokchiga aylanib, mintaqada muhim rol` o'ynab kelayotganligini yaqqol namoyon qildi. Bundan tashqari, kuzatuvchi davlat maqomining berilishi – tashkilotga a'zo davlatlar tomonidan O'zbekistonga ishonchli va ma'suliyatli hamkor sifatida qaralishidan dalolatdir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev EOII sammitidagi nutqida ta'kidlaganidek, bugungi kunga kelib Ittifoqning xalqaro nufuzi tobora ortib, tashkilotning xorijiy mamlakatlar bilan amaliy hamkorlik geografiyasi kengayib bormoqda. SHu o'rinda o'tgan sammitda O'zbekiston bilan bir qatorda Kuba davlatiga ham tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi berilganligi EOII rivojlanib borayotgan salohiyatli va keng qamrovli iqtisodiy hamkorlikni izchillik bilan olib borayotgan tashkilot ekanligi namoyon bo'lmoqda.
O'zbekistonning EOII bilan hamkorlik qilishining sezilarli faollashishi, jumladan, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi maqomini olishi har tomonlama mamlakatimizning milliy manfaatlariga javob beradi hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ustuvor va dolzarb vazifalarni amalga oshirishda xizmat qiladi. Buni qo'yidagi omillar orqali ko'rsatib o'tish mumkin.
Birinchidan, EOII mintaqada katta iqtisodiy salohiyatga ega va rivojlanib borayotgan tuzilmalar safiga kiradi. Xususan, ittifoq aholisi soni 185 million nafar, a'zo-mamlakatlar hududi dunyo er maydonining 14 foizini egallaydi. Butun dunyo tabiiy gaz zahiralarining 20 foizi, uning eksportining 50 foizi, neft` zahiralarining 8 foizi va eksportining – 18 foizi, ko'mir zahiralarning 22 foizi, jahonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 5,1 foizi Ittifoqga a'zo davlatlar hissasiga to'g'ri keladi.
Qayd etish lozimki, ittifoq iqtisodiyotining muhim tarmoqlari jadallik bilan modernizatsiya qilinib, texnologik va yuqori qiymat qo'shilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilmoqda. Jumladan, 2019 yilda EOIIda sanoat ishlab chiqarish hajmi 1,2 trillion dollarini tashkil etdi (2018 yilga nisbatan 2,5% o'sish). Canoatda qayta ishlash mahsulot hajmi 2018 yilga nisbatan 13,8 foiz o'sish qayd etildi. SHu bilan birga ittifoq davlatlari o'rtasida sanoat mahsulotlarining savdo aylanmasi 2018 yilga nisbatan 34,1 foizga oshdi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish va qayta ishlash hajmi 2019 yilda 120 milliard dollarni tashkil qildi (2018 yilga nisbatan 3,4% o'sish qayd qilindi). Ittifoq hududida o'zaro tovar aylanmasi o'tgan 5 yilda 35 foizga oshib, 2019 yilda 62 milliard dollarga etdi. EOII chet davlatlar bilan tashqi savdosi aylanmasi 2019 yilda 733,1 milliard dollarni tashkil qildi (eksport 459,3 milliard dollar, import – 273,8 milliard dollar).
Ushbu ijobiy iqtisodiy tendentsiyalar o'z navbatida xorijiy mamlakatlarning EOII bilan hamkorlikni faollashtirishga qiziqishi ortishiga sabab bo'lmoqda. Xususan, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi savdo-iqtisodiy hamkorlik o'rnatish bo'yicha erkin savdo hududi (eSH) to'g'risidagi shartnomalar imzolash orqali uchinchi mamlakatlar bilan ham hamkorlik qiladi. Bugungi kunga qadar EOII erkin savdo hududi to'g'risida V`etnam (2016 y.), Singapur (2018 y.), eron (2018 y.), Serbiya (2019 y.) bilan shartnomalar imzolangan. Shuningdek EOII va Xitoy o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik to'g'risidagi bitim bo'yicha muzokaralar yakunlandi.
EOII bilan erkin savdo hududi va hamkorlik to'g'risida memorandumlar imzolagan uchinchi mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti 29,6 trillion dollarni (xarid qobiliyati pariteti bo'yicha) yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 23,2 foizini tashkil etadi. Ittifoqning tashqi sheriklari yalpi ichki mahsuloti hajmi 43,9 trillion dollardan iborat (xarid qobiliyati pariteti bo'yicha), bu o'z navbatida jahon yalpi ichki mahsulotining 34,3 foiziga to'g'ri keladi.
Ushbu salohiyat o'z navbatida ittifoqni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Xususan, 2019 yil yakunlariga ko'ra EOII yalpi ichki mahsuloti, tashkilot tuzilgan 2015 yilga nisbatan 21 foizga oshib, 1,9 trillion dollarni tashkil etdi. Misol uchun Armaniston YAIM 2015 yilda 10,5 milliard dollar bo'lsa, 2019 yilga kelib 13,6 milliard dollarga etdi (22% o'sgan). Qirg'izistonda esa ushbu davr oralig'ida YAIM 6,6 mlrd. dollardan 8,4 milliard dollarga ko'paygan (21% ga ortgan).
Butun Ittifoqda aholi jon boshiga YAIM 2015-2019 yillarda 16% o'sgan (8913 dollardan 10683 dollarga), asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 19% oshgan, ishsizlik darajasi esa 12% kamaygan.
Ikkinchidan, EOII mamlakatlari geografik joylashuvi va tarixiy aloqalar nuqtai-nazardan O'zbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklaridir. SHundan kelib chiqqan holda so'nggi yillarda O'zbekiston EOIIga a'zo-davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda. O'z o'rnida O'zbekistonning tanlagan iqtisodiy rivojlanish yo'li xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan EOII bilan samarali hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi.
Bu, bir tomondan, ushbu Ittifoqda o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarimiz tobora kengayib borayotgan strategik hamkorlarimiz bo'lgan Rossiya, Qozog'iston va Qirg'iziston davlatlarining a'zo ekanligi, ikkinchi tomondan – kengroq iqtisodiy makonda mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat yaratilishi bilan bog'liq.
Misol uchun, 2017-2019 yillarda O'zbekistonning EOIIga a'zo-davlatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi yiliga 26 foizga oshib, qariyb 10 milliard dollarga etdi. Bugungi kunda O'zbekistonning EOII bilan tashqi savdosidagi ulushi deyarli 30%, qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmi esa 75% dan ortiqni tashkil qiladi. Bundan tashqari, O'zbekiston tashqi savdo yuklarining 80% EOII davlatlari hududi orqali o'tadi.
Uchinchidan, eng muhim omillardan biri – bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi o'zining tarixiy rivojlanishining muhim bosqichini bosib o'tmoqda. Oxirgi yillarda mamlakatimiz barqaror iqtisodiy o'sishini ta'minlash maqsadida iqtisodiyotni modernizatsiyalash, investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni joriy qilishga mo'ljallangan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilib, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish bo'yicha harakatlar olib borilmoqda. O'z navbatida, yuqoridagi vazifalarning EOII doirasida ustuvor yo'nalishlar sifatida belgilanganligi ushbu tashkilot bilan faol hamkorlik qilishni taqozo etadi.
Xususan EOIIda 2025 yilga qadar O'zbekiston uchun dolzarb bo'lgan qo'yidagi yo'nalishlar bo'yicha umumiy, uyg'unlashgan bozor va makon tashkil qilish, shuningdek, iqtisodiy integratsiyani jadallashtirish rejalashtirilgan.
Birinchidan, ittifoq hududida energoresurslarning, jumladan gaz, neft` va neft` mahsulotlarining umumiy bozorini shakllantirish ko'zda tutilgan. Bunda EOII a'zo davlatlarning energetika kompaniyalari gaz, neft va elektroenergiyani cheklovlarsiz, birja auktsionlarida shakllangan bozor narxlari bo'yicha etkazib berish ko'zda tutilgan. Mutaxassislarning fikricha, energoresurslarning umumiy bozori tashkil qilinishi EOII davlatlari iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga, aholining turmush farovonligini oshirishga, shuningdek, energetik xavfsizlikni mustahkamlashga va jahon bozorida Ittifoq hududida ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
Ikkinchidan, EOII hududida yagona transport makonini shakllantirish. Uyg'unlashgan transport siyosati doirasida quyidagi maqsadlar ko'zlangan: 1) umumiy transport-logistika xizmati bozorini shakllantirish; 2) Evroosiyo hududidagi transport koridorlarni salohiyatini oshirish va yangi koridorlar tashkil qilish; 3) transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha umumiy takliflarni ishlab chiqish va zamonaviy logistika markazlarini yaratish. Transport-logistika sohasini rivojlantirilishi ekspertlarning ta'kidlashicha, EIIO hududida tovar, xizmat, kapital hamda fuqarolarni hech qanday to'siqlarsiz aylanishiga salmoqli hissa qo'shadi.
SHu o'rinda aytish lozimki, ijtimoiy-iqtisodiy o'sishni barqaror sur'atlarini ta'minlash, kambag'allikni qisqartish hamda iqlim o'zgarishlariga moslashishga uchun transport va energetika sohasini rivojlantirish muhim rol o'ynaydi. Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining ma'lumotlariga ko'ra, Osiyo mintaqasidagi rivojlanayotgan davlatlar ushbu maqsadlarga erishishi uchun 2030 yilga qadar 14,7 trillion dollarni elektroenergiya sohasiga, 8,4 trillion dollar transport-logistikani rivojlantirishga yo'naltirishlari lozim. O'z navbatida, EOII umumiy energetika bozori hamda yagona transport makoniga O'zbekistonni integratsiyalashuvi nafaqat ushbu sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga to'sqinlik qilayotgan mavjud muammolarni echishga, shu bilan birga, energoresurslardan keng foydalanish imkoniyatini, hamda investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilishga imkon yaratadi.
Jumladan, O'zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashda yangi transport marshrutlarini yaratish va transport-logistika sohasini modernizatsiyalash orqali mahsulotlarni yirik tashqi bozorlarga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekiston geografik nuqtai nazardan dengiz portlardan uzoqda joylashganligi sababli mahsulotlarni eksport qilishda transport-logistika xarajatlari 10-15 foizni tashkil qiladi, yuk tashuvchilarning yo'ldagi 40 foiz vaqti esa bojxonadagi to'siqlarda ketadi. Hisob-kitoblarga ko'ra, Evrosiyo mintaqasida yuklar tranzitida uyg'unlashgan tariflarni qo'llash natijasida ishlab chiqaruvchilar va etkazib beruvchilarni xarajatlari 221 million dollarga qisqaradi, va bu, o'z navbatida, eksport va import mahsulot tannarxi kamayishiga olib keladi.
Uchinchidan, ittifoq hududida umumiy moliya bozorini tashkil qilish. EOIIda samarali moliyaviy bozorni shakllantirish maqsadida a'zo davlatlar 2025 yilga kelib: a) milliy qonunchilikni va uni qo'llash amaliyotini uyg'unlashtirish; b) qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solishni takomillashtirish; v) iqtisodiyotning real sektoridagi korxonalarni kreditlash hajmini oshirish; g) iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish kabi vazifalarni bajarish ko'zda tutilgan. Bu, o'z navbatida, iqtisodiy integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirib, barqaror rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
To'rtinchidan, qishloq xo'jaligi sohasida uyg'unlashgan siyosat yuritilishini ta'minlash. Bugungi kunda EOII a'zo davlatlari qishloq xo'jaligi sohasidagi turlicha iqtisodiy mexanizmlarni (kreditlash va subsidiyalar taqdim qilish, narxlarni tartibga solish, sug'urta, soliqqa tortish) amalga oshirmoqda. EOII makonida agrar sohasidagi ma'muriy to'siqlarni olib tashlash, mavjud iqtisodiy mexanizmlarni uyg'unlashtirish, bojxona regulyatsiyasini soddalashtirish, veterinariya va fitosanitariya nazoratining yagona qoidalariga amal qilish orqali qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan o'zaro savdo hajmini oshirish hamda boshqa davlatlarga qishloq xo'jaligi mahsulotini eksportini oshirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, Ittifoqda biotexnologiya, organik mahsulotlar va yuqori qo'shilgan qiymatga ega bo'lgan tayyor qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, global iqlim o'zgarishiga moslashish va genetik jihatdan modifikatsiyalangan mahsulotlarni yaratish sohasidagi izlanishlar olib borish istiqbolli yo'nalishlar sifatida belgilangan.
Beshinchidan, hududlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yagona innovatsion makon yaratish. EOIIda endilikda sanoat kooperatsiyasida nafaqat ikkitomonlama hamkorlik, balki ko'ptomonlama mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha amaliy harakatlar boshlangan. Bundan asosiy maqsad har bir a'zo-davlatni salohiyatidan kelib chiqqan holda, sanoat kooperatsiyasi jarayonini yanada tezlashtirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni raqobatbardoshligini oshirish, o'zaro yangi innovatsion texnologiyalar va izlanmalar bo'yicha almashinuvlarni tizimli yo'lga qo'yish, shuningdek, ko'ptomonlama investitsion loyihalarni amalga oshirishdir. Hozirgi kunda EOII doirasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish maqsadida “EOII sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi tarmog'i”ning maxsus raqamli platformasi yaratilgan. Ushbu platforma EOII a'zo davlatlar hududida joylashgan korxonalar va mahsulot etkazib beruvchilar o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, mavjud innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar yordamida texnologik ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish hamda yagona raqamli ekosistema yordamida mahsulotlarni eksport qilishga xizmat qilmoqda.
O'z o'rnida aytib o'tish lozimki, yangi innovatsion va texnologik kashfiyotlarni yaratish uzoq muddatli ilmiy izlanishlar hamda katta mablag'larni talab qilishi sababli, ittifoqdosh davlatlar mavjud izlanmalardan hamkorlikda foydalanishdan manfaatdordir. Xususan, BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi ma'lumotlariga ko'ra, davlatlararo sanoat kooperatsiyasi natijasida yangi mahsulot ishlab chiqarish jarayoni 14-20 oy muddatga qisqaradi, ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish xarajatlari esa 50-70% kamayadi. Ta'kidlab o'tish lozimki, Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan, 2022 yilga qadar EOII davlatlari hududida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan umumiy qiymati 777 mlrd. dollarlik 622 yirik investitsion loyihalar ishlab chiqilgan.
Yuqorida qayd etib o'tilgan omillardan ko'rinib turibdiki, milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston va EOII o'rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun o'zaro istiqbolli yo'nalishlar mavjud.
Shu o'rinda EOII bilan hamkorlik O'zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatining mantiqiy davomi ekanligini alohida ta'kidlash lozim. Bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo'nalishlari aniq belgilangan, pragmatizm va milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, yaqin va uzoq xorijdagi barcha mamlakatlar hamda tashkilotlar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlamoqda.
Xususan, O'zbekiston Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo'yicha harakatlarni jadallashtirdi, o'zaro savdo uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va tashqi savdo rejimini maqbullashtirish maqsadida Evropa Ittifoqi bilan bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim bo'yicha muzokaralar, shuningdek, Preferentsiyalarining bosh tizimiga (“PBT+”) qo'shilishi doirasida yakuniy ishlar olib borilayapti.
O'z o'rnida, bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligi, ko'p jihatdan, jahon xo'jaligi tizimiga integratsiyalashishga, ayniqsa, hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishiga bog'liqdir.
Ta'kidlash lozimki, ushbu omil ayniqsa pandemiya davrida juda dolzarb masalaga aylandi. Pandemiya juda ko'plab davlatlar iqtisodiyotining barcha sohalariga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Xususan, ta'minot zanjirlari uzilib qoldi, mehnat bozori zarar ko'rdi, qator korxonalar o'z faoliyatini to'xtatdi, transport tashuvlari kamaydi.
Pandemiya saboqlari umumiy sa'y-harakatlarni faollashtirishga undaydi. Ushbu vaziyatda xalqaro ekspertlar mintaqaviy jarayonlar kuchayishi va mintaqaviy tuzilmalar ahamiyati oshishini taxmin qilmoqda. Bunday inqirozli vaziyatlarda ustunlik global savdo munosabatlari zanjiri uzilishi muammosini samaraliroq hal qiladigan, milliy iqtisodiyotlar uchun “elkadosh” vazifasini o'tab beruvchi ixcham mintaqaviy bozorlarga beriladi.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, endilikda kuzatuvchi davlat maqomini olgan O'zbekistonga EOIIning a'zolari va hamkor davlatlari bilan muloqotni mustahkamlash, tashkilotning dasturiy va shartnomaviy organlari hujjatlarini amalda tatbiq etilishini yanada chuqurroq o'rganish, a'zo davlatlarning o'zaro hamkorlik mexanizmlari, qaror qabul qilish jarayoni, mavjud me'yoriy-huquqiy baza va uni qo'llash amaliyoti kabi muhim jarayonlar bilan tanishish imkoniyatini yaratildi.
Bundan tashqari, tashkilot ichidagi jarayonlarga qo'shilgan holda bizda ulardan doimiy ravishda xabardor bo'lib turish hamda milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda EOII iqtisodiy siyosatini shakllantirishda bilvosita qatnashish imkoniyati yuzaga keldi.
SHu bilan birga, ushbu integratsion tuzilmada kuzatuvchi bo'lish iqtisodiy sohadagi mavjud qonunchiligimizni EOII talab va qoidalariga muvofiqlashtirish imkonini beradi.
EOIIda kuzatuvchi maqomining yana bir afzalligi unda ittifoq talablariga rioya qilish majburiyatining yuklanmasligi, ayni vaqtda Ittifoq bilan hamkorlik istiqbollari mahalliy biznes vakillariga yanada raqobatbardosh bo'lish uchun o'z faoliyatlarini takomillashtirish masalasini dolzarblashtiradi. Bundan iste'molchilar va, umuman, modernizatsiyaning yangi bosqichiga chiqishi orqali iqtisodiyot yutadi.
Ta'kidlash kerakki, EOIIdagi kuzatuvchilik maqomi bizning boshqa iqtisodiy uyushmalar bilan hamkorlik qilish bo'yicha tashabbus bildirish huquqlarimizni cheklamaydi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarimizga ta'sir qilmaydi. Aksincha, mintaqaviy iqtisodiy integratsion tuzilmalarda ishtirok etib, biz iqtisodiy salohiyatimizni va sanoat tarmoqlar tajribasini samarali hamkorlik qilish bo'yicha oshiramiz.
Akrom NE'MATOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
direktorining birinchi o'rinbosari
Amir SALOMOV,
instituti bo'lim rahbari.