Oʻzbekiston mintaqaviy sheriklikni izchil mustahkamlamoqda

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga keldi.

    25-26-dekabr kunlari tashrif doirasida mamlakatimiz yetakchisi MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammiti va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining (YEOIK) navbatdagi yigʻilishida ishtirok etadi.

    Davlatimiz rahbari har yili MDHning anʼanaviy sammitlarida ishtirok etib, Oʻzbekiston Hamdoʻstlik maqsad va vazifalariga sodiqligini namoyish etib kelyapti. Bunday formatlarda ishtirok etish respublikaga yaqin sheriklar bilan faol hamkorlik qilish, kun tartibidagi dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ilgari surish imkonini beryapti.

    Oʻzbekiston ishtirokchi davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshish orqali MDH doirasida faol pozitsiyani egallab kelyapti. Mamlakatimiz iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni muntazam ilgari surib kelayotir. Oʻzbekistonning MDH doirasidagi ustuvor yoʻnalishlari qatoriga integratsiyani chuqurlashtirish, qoʻshma loyihalarni ilgari surish va mintaqada barqarorlikni taʼminlash kiradi.

    Oʻzbekiston uchun MDHdagi hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy sheriklik muhim oʻrin tutadi. Respublika eksport-import munosabatlarini faol rivojlanib, milliy mahsulotlarni sotish bozorini kengaytiryapti, mintaqaning transport-logistika infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarda ham faol ishtirok etyapti. MDH davlatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik aholi farovonligi darajasini oshirishga hamda Oʻzbekistonning ishonchli sherik sifatidagi mavqeini mustahkamlashga muhim omil boʻlyapti.

    Oʻzbekistonning MDH bilan aloqalari respublikaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorligi bilan chambarchas bogʻliq.

    Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy makon negizida tuzilgan xalqaro integratsion iqtisodiy birlashmadir. Ittifoq 2014-yil 29-mayda Ostona shahrida (Qozogʻiston) Belarus, Qozogʻiston va Rossiya davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirganidan soʻng 2015-yil 1-yanvardan ish boshladi. 2015-yilda Armaniston va Qirgʻiziston shartnomaga qoʻshildi.

    Oʻzbekiston 2020-yilda YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan. Kuba va Moldova ham YEOIIda xuddi shunday maqomga ega.

    Birlashma nizomiga koʻra, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar YEOII organlari yigʻilishlarida qaror qabul qilish huquqisiz ishtirok etishi, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga mamlakat vakilini tayinlashi mumkin.

    Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligini ushbu formatda rivojlantirish milliy manfaatlarga javob beradi va teng huquqlilik, shuningdek, ishtirokchi davlatlar tomonidan bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslanadi.

    Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimiz kuzatuvchi maqomini olganidan beri mazkur birlashma Oliy Kengashining oltita yigʻilishida qatnashdi.

    Oʻzbekiston Bosh vaziri boshchiligida YEOII mamlakatlari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik boʻyicha idoralararo ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruh YEOII bilan oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi, iqtisodiy aloqalarni tahlil qiladi va hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.

    2024-yil 1-oktyabrda Oʻzbekiston hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida 2024-2026-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    YEOII platformasida kuzatuvchi davlat sifatida ishtiroki orqali Oʻzbekiston muhim tashabbuslarni ilgari surib kelyapti. Ittifoqqa aʼzo barcha davlatlar bilan faol hamkorlik qilyapti, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantiryapti. Ushbu omillar esa barqaror oʻsish surʼatlarini koʻrsatayotir.

    Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Prezidentining Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtadigan MDH va YEOII sammitlarida ishtirok etishi, oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga yangi surʼat bagʻishlash barobarida, Hamdoʻstlik va birlashma makonidagi davlatlar hamda xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlash yoʻlidagi yana bir amaliy qadam boʻlib xizmat qiladi.