Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining mazkur tashrifini sharhladi:

— Oʻzbekistonning tashqi siyosati izchillik va tizimlilikka asoslangan. Uning mazmun-mohiyati – Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitini mustahkamlashdan tortib, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi kabi jahon markazlari hamda boshqa ittifoqdosh va hamkorlar bilan strategik sheriklikni rivojlantirishdir.

Asosiy tamoyil oʻzgarmas: Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarni xalqimizning milliy manfaatlari va ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda shakllantirmoqda. Tashqi siyosatdagi har bir qadam fuqarolar farovonligini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va yurtimiz imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Bryusselga tashrifi bu siyosatning navbatdagi amaliy ifodasi boʻldi. Yevropa Ittifoqi komissari Marta Kos Prezidentimizga murojaat qilar ekan, “Oʻzbekiston yangilanishlar surʼatini belgilayapti” va “Siz – azmu shijoatli insonsiz”, dedi. Bu soʻzlar shunchaki diplomatik iltifot emas, balki islohotlar natijasiga berilayotgan haqiqiy baho, Oʻzbekistonning jahon siyosatidagi yangi rolining eʼtirofidir. Tashrif formatining oʻziyoq, bir vaqtning oʻzida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar oʻtkazilgani muloqotning strategik darajasini va Prezidentimizga boʻlgan yuksak ishonchni yaqqol namoyon etdi.

Tashrifning asosiy natijasi Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi boʻldi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini yangilab, siyosat, savdo, investitsiyalar, taʼlim, innovatsiyalar, iqlim masalalari hamda inson huquqlari borasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. 10 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi, qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli esa 40 milliard yevrodan oshdi. Bu mamlakatimiz uchun yangi investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar, minglab ish oʻrinlari va inson kapitalining rivojlanishi demakdir.

Oʻzbekiston oʻz geografik joylashuvini murakkab masaladan ustunlikka aylantirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston “land-locked”, yaʼni dengiz portlariga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatdan bosqichma-bosqich “land-linked” davlatga, yaʼni Yevropa va Osiyo bozorlarini bogʻlovchi koʻprikka aylanmoqda. Transport yoʻlaklari, sanoat va logistika zanjirlari, raqamli integratsiyani rivojlantirish orqali Yevroosiyo makonidagi asosiy chorrahalardan biri sifatida sahnaga chiqmoqda. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar ham yakunlandi. Bu Oʻzbekistonning barqaror va ishonchli xalqaro iqtisodiy sherik sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.

Izchillik, ochiqlik va natijadorlik – Prezidentimiz tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridir. Har bir kelishuv, har bir tashrif, har bir qaror yagona maqsad – Oʻzbekiston xalqining manfaatlarini himoya qilish va uning xalqaro maydondagi obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.