Abdulaziz Kamilovning maktubida Oʻzbekiston Finlyandiyani Yevropadagi ishonchli hamkor deb bilishi hamda uzoq muddatli va koʻp qirrali ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratishi qayd etilgan.

“Biz Finlyandiyaning Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni doimiy qoʻllab-quvvatlashini, shuningdek, Xelsinkining Orol dengizi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etishga qoʻshgan hissasini yuksak qadrlaymiz”, — deb yozadi Oʻzbekiston TIV rahbari.

Oʻz navbatida, Pekka Xaavisto oʻtgan yillar davomida mamlakatlar doʻstona hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganini taʼkidladi. Finlyandiya tomoni Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligi maʼlum qilindi.

“Kelgusida mamlakatlarimiz oʻrtasida, jumladan, savdo, investitsiya, taʼlim sohalarida yanada yaqin hamkorlikning guvohi boʻlamiz”, deya taʼkidladi Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri.