Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi munosabatlarda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani alohida qayd etdilar. Uchrashuvning asosiy urg‘usi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi. Xususan, investitsiyaviy loyihalarni ko‘paytirish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Vazirlar nafaqat ikki tomonlama aloqalar, balki mintaqaviy jarayonlar va xalqaro maydondagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashdilar. Xalqaro tashkilotlar va platformalar doirasida harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishib olindi.

"Ikki tomonlama kun tartibimiz boy va istiqbolga yo‘naltirilgan bo‘lib, aloqalarimizni yanada mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab qo‘shma tashabbuslar va bo‘lajak tadbirlarni o‘z ichiga oladi", — deyiladi rasmiy munosabatda.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.