Uchrashuv davomida siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil oktyabr oyidagi Fransiyaga tashrifi O‘zbekiston – Fransiya hamkorligining tubdan yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgani, tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ikki davlat rahbarlarining shaxsiy nazoratida ekani ta’kidlandi.

Fransiya delegatsiyasi rahbari uning O‘zbekistonga tashrifi pandemiya boshlanganidan buyon ilk xorijiy safari ekanligini ta’kidlab, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini bildirdi va Fransiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish borasidagi qiziqishini ta'kidladi.

Investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Geologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash va turizm sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishda ijobiy dinamika kuzatilganligi ta'kidlandi. Tegishli vazirlik, idora va xususiy kompaniyalar rahbarlari o‘rtasida yangi loyihaviy takliflarni o‘rganish va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan shartnomalar tuzishga qaratilgan «G2B» i «B2B» shaklida muzokaralar tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zaro savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirishning salmoqli salohiyati qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston yevropa Ittifoqining «GSP+» preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olishi o‘zbek to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarining Fransiya bozoriga chiqishi uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. Shu nuqtai nazardan, Fransiya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuqori baho berdi. JSTga a’zolik O‘zbekiston – Fransiya savdo aylanmasini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.

Moliyaviy - texnik hamkorlik sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni qayd etib, 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishini ma’qulladilar. Suv resurslarini boshqarish, sanitariya va chorvachilik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha FTA bilan muzokaralarni faollashtirishga oid kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar o‘zbek tijorat banklarining «Bpifrance», «Credit Agricole» i «Société Générale» kabi Fransiyaning bank-moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta'kidlab, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirishni oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida barcha darajadagi ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish orqali hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni faollashtirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.