“Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning yutuqlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 1351

    2022-yil 18-mayda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlarning yutuqlari va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, xorijlik diplomatlar, JIDU professor-oʻqituvchilari va talabalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev tadbirni ochar ekan, Oʻzbekiston Fransiyani oʻziga xos tarixiy va madaniy merosga ega mamlakat, ulkan iqtisodiy salohiyatga, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega dunyodagi eng yirik sanoat markazlaridan biri, xalqaro maydondagi samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlikning muhim hamkorlaridan biri, deb bilishini taʼkidladi.

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab Fransiya-Oʻzbekiston munosabatlari teng huquqli hamkorlik va oʻzaro ishonch ruhida jadal rivojlandi. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati konsepsiyasida Fransiya Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtirof etilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil oktyabr oyida Yevropa qitʼasiga ilk davlat tashrifini aynan Fransiya Respublikasidan boshlagani bejiz emas. Parijda Fransiya Prezidenti E.Makron va Senat Raisi J.Larshe bilan uchrashuvlar, Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, Luvrdagi suhbat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berdi.

    Doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va ochiqlik ruhida oʻtgan samarali muzokaralar jarayonida kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha yondashuv va qarashlarimiz oʻxshashlik va yaqinlikni namoyon etdi.

    Bugun biz keyingi besh yil davomida Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlari deyarli barcha sohalarda yangi sifat bosqichiga koʻtarilganini ishonch bilan aytishimiz mumkin.

    Turli darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlarning muntazam oʻtkazilayotgani oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlash va munosabatlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

    Ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik faol rivojlanmoqda. Biz Fransiya Senatida tuzilgan “Fransiya-Oʻzbekiston” parlament guruhi faoliyatini yuksak qadrlaymiz.

    Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasida konstruktiv siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.

    Bugungi kunda Oʻzbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 44 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, Airbus, Total Eren, Eiffage, Thales, Vinci, Rungis, Orano, Suez kabi kompaniyalar bilan qoʻshma loyihalar amalga oshirilgan.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining sakkizta majlisi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy, moliyaviy, texnik va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar imzolandi.

    1988-yilda tashkil etilgan Parijdagi Temuriylar sanʼati va tarixini oʻrganish assotsiatsiyasi hamda qariyb 20 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Avitsenna-Fransiya” jamiyati faoliyatini alohida taʼkidlash lozim.

    Yiliga 10 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradigan Parijdagi Luvr muzeyida shu yil oxirida “Markaziy Osiyo ulugʻvorligi: Oʻzbekiston savdo karvonlari chorrahasida” nomli noyob koʻrgazma ochilishi rejalashtirilgan. Luvrga tashrif buyuruvchilar mamlakatimizning qadimiy tarixi, oʻrta asrlar va Temuriylar davriga bagʻishlangan eksponatlarni tomosha qilishlari mumkin boʻladi.

    Bundan tashqari, Parijdagi Arab dunyosi instituti bilan hamkorlikda “Ipak yoʻli” nomli uch tomonlama tarixiy ashyolar koʻrgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Oʻzbekistonda 280 mingdan ortiq talaba fransuz tilini oʻrganadi, 1 260 ta maktab va 9 ta universitetda fransuz tili oʻqitilyapti.

    Bu yutuqlar Fransiyaning Oʻzbekistondagi Elchisi Aureliya Bushez xonimning maʼruzalarida batafsil yoritildi.

    Oʻzbekistonning Fransiyadagi Elchisi Sardor Rustambayev, YUNESKO vakolatxonasi rahbari, JIDUning 1995-yil bitiruvchisi Bobur Tuxtabayev, “Toshkentdagi Fransuz alyans” raisi Sh.Minavarov, Fransiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchilari janob Jan-Per Vezian, Violen Biyet de Vilmyor xonim, Izabel Servoz-Galluchchi xonim, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati, JIDUning 1995-yil bitiruvchisi, professor Qodir Joʻrayev ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan muvaffaqiyatlarni yuqori baholab, Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini taʼkidladi.

    Fransiya xalqaro munosabatlar instituti ilmiy xodimi Mikael Leviston “Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrni: Fransiyadan nazar” mavzusida qiziqarli maʼruza qildi.

    JIDU Romano-german tillari kafedrasi mudiri V.A. Mamatqosimova, JIDU doktoranti Toshev Otabek, JIDU talabalari Madina Gʻaniyeva, Oydin Karimova, Bobur Abdugʻaniyev fransuz tilida tabrik soʻzlari bilan soʻzga chiqdi.

    Tadbir davomida Fransiyaning Oʻzbekistondagi Elchisi Aureliya Bushez xonim JIDUning bir qator nufuzli talabalariga “JIDUda 2022-yilda fransuz tili boʻyicha eng yaxshi mutaxassis” maxsus sertifikatlarini topshirdi.

    Anjumanda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi diplomatlari janob Loran Oriol, Mayeva Godar xonim, Fransiya rivojlanish agentligining Oʻzbekistondagi direktori janob Vensan Kopenom va boshqalar ham qiziqarli maʼruza qildilar.

    Shu bilan konferensiya oʻz ishini yakunladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.