Parij shahrida Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi, Yaponiyaning “ITOCHU” korporatsiyasi va Oʻzbekistonning “Navoiyuran” davlat korxonasi oʻrtasida uch tomonlama kelishuv imzolandi.
Kelishuvga koʻra, Navoiy viloyati Tomdi tumani hududida joylashgan “Jongeldi” konida 2025-yil yakuniga qadar uran ishlab chiqarishni boshlash hamda amalga oshirilayotgan boshqa qoʻshma loyihalar asosida geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish koʻzda tutilgan.
Mazkur bitim tomonlar salohiyatini birlashtirgan holda, loyihani rivojlantirishga qaratilgan yangi yechimlar taqdim etish imkonini yaratadi.
“Jongeldi” konini oʻzlashtirishning birinchi bosqichida, dastlabki hisob-kitobga koʻra, umumiy kapital qoʻyilma miqdori 3 yil davomida 214 million dollarni, yillik uran qazib olish miqdori oʻrtacha 500 tonnani tashkil etishi kutilyapti.
Kelishuv shartida asosiy sarmoyadorlar sifatida xorijiy kompaniyalar koʻrsatilgan. Uran qazib olish tannarxini kamaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonini korxonamiz mavjud sanoat quvvatiga integratsiya qilish maqsadida boshqaruvchi operator etib “Navoiyuran” DK etib belgilanmoqda.
Mazkur uzoq muddatli hamkorlik sohaga investitsiya jalb etish jarayonini tezlashtirish va yana bir qator muhim yoʻnalishlarda birgalikda ish olib borish imkoniyatini kengaytiradi.
Fransiyaning yadroviy materiallar sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyasi – “Orano Mining” uranni qazib olish va qayta ishlash hamda yadroviy yonilgʻi turkumining barcha bosqichlarida yuqori qiymatli yechimlar taklif etadi.
Xavfsizlik, innovatsiya va barqaror rivojlanish tamoyiliga sodiq qolgan holda, yadroviy energiyaning global kelajagini taʼminlashga hissa qoʻshadi.
Yaponiyaning “ITOCHU” korporatsiyasi dunyodagi yetakchi savdo va investitsiya kompaniyalardan biri sifatida metall, mineral, energetika va sanoat sohalaridagi yirik loyihalarda ishtirok etadi. Korxona ayni payt jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash va barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun innovatsion yechimlar joriy qilib kelmoqda.