Uchrashuvda ikki mamlakat soʻnggi bir necha yil ichida agrar sektorda savdoni diversifikatsiya qilishga muvaffaq boʻlganligi, ammo hali ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar mahalliy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga oʻzaro kirib borishi uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligi xususida yakdil fikrga keldilar. Oʻzbekiston 6 nomdagi hind mahsulotlarini, shu jumladan banan, mango, soya va guruchni import qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini taqdim etdi. Oʻz navbatida, Hindiston tomoni uzum, anor, olma, xurmo, qalampir, pomidor, bodom va tarvuz kabi oʻzbek agrosanoat mahsulotlariga ruxsat berish imkoniyatini koʻrib chiqyapti.

Muzokaralarda ayrim qishloq xoʻjaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari bilan bogʻlik masalalar muhokama etildi. Jumladan, hozirgi vaqtda Hindistonning Indo Organics kompaniyasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga Namangan viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchi. Bunday texnologik loyihalarni roʻyobga chiqarishda amaliy yordam koʻrsatishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yangi yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish va erishilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun hamkorlikni kengaytirishda davom etishga sodiqlikni bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.