Suhbat chogʻida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, hududlararo munosabatlarni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Hamkorlik masalalarini muhokama qilish hamda amaliy taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish, shuningdek, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik dasturini ishlab chiqish maqsadida Hindistonning tegishli vazirliklari, davlat idoralari va xususiy kompaniyalari bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati boshchiligidagi Ishchi guruhning Dehliga tashrif buyurishi masalalari koʻrib chiqildi.

2022-yil boshida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasining 13-yigʻilishini oʻtkazish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududlari rahbarlarining 2022-yil yanvar oyida Gujarat shtatida boʻlib oʻtadigan 10-Global sammitida ishtirok etishini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Hindiston iqtisodiy sherikligiga doir vazifalarni tizimlashtirish hamda ularni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha samarali takliflar ishlab chiqish maqsadida Savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha Oʻzbekiston-Hindiston Qoʻshma ishchi guruhini tuzish va uning birinchi yigʻilishini oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Ulkan ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud boʻlgan ikki tomonlama savdoni rivojlantirish uchun birgalikda saʼy-harakatlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisida bitim tayyorlash va imzolash jarayonini tezlashtirish boʻyicha yakdil fikr bildirdilar.

Ikki mamlakat oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanishi muhokama qilindi. Bu sohada ham munosabatlarni kengaytirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Jumladan, hozirgi kunda infratuzilmaviy rivojlanish, turizm va farmatsevtika sanoati sohalarida umumiy qiymati qariyb 700 million dollarlik qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma ishlar olib borilmoqda. Tomonlar kelgusi yilning birinchi choragida imzolanishi maqsadida Oʻzbekiston va Hindiston hukumatlari oʻrtasida Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim loyihasi muhokamasini faollashtirib yakuniga yetkazishga kelishdilar. Ushbu qadam investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining oʻzaro yaqinlashishiga yangi turtki beradi.

Tomonlar turli tarmoqlarning jadal oʻsishini ragʻbatlantirish boʻyicha tajriba almashish borasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini ham muhokama qildilar. Bu yoʻnalishda amaliy hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda qator infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun Hindiston Eksimbanki tomonidan ajratilgan 448 million dollarlik kredit liniyasidan oʻz vaqtida maqsadli foydalanish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.